O‘zbekistonlik ayol Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanishdan saqlab qolindi

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi aldov yo‘li bilan Dehliga olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan yurtdoshimizga tezkor yordam ko‘rsatdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Hindiston huquq-tartibot idoralari tomonidan Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatida aniqlangan vatandosh elchixonaga olib kelindi. Surishtiruvda unga ikki shaxs tomonidan Dehlidagi oshxonalardan birida ofitsiantlik ishi va’da qilingan, biroq kelgach aldovga uchragani va jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlashga urinishlar bo‘lgani aniqlandi. Vatandoshimiz qochib, mahalliy politsiyaga murojaat qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Elchixona tomonidan unga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilib, homiy tashkilotlar ko‘magida «Dehli – Toshkent» yo‘nalishidagi aviareysga chipta taqdim etildi. Hozirda Hindiston rasmiylari bilan vatandoshimizni aldov yo‘li bilan olib kelgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Diplomatik missiya fuqarolarni xorijga chiqishdan oldin shubhali takliflarga aldanmaslik va mahalliy qonunlarga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Myanmada odam savdosi qurboni boʻlgan ikki nafar oʻzbekistonlik vatanga qaytarilgan edi.