Hyundai Yaqin Sharqda birinchi trillion dollarlik zavodini quradi

Saudiya Arabistonining Qirol Abdulloh nomidagi iqtisodiy shahrida Hyundai Motor Manufacturing Middle East (HMMME) zavodining tamal toshi qo‘yildi. Bu haqda Saudiyaning Davlat investitsiya jamg‘armasi xabar berdi.
Bu loyiha Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi (PIF) va Hyundai Motor Company o‘rtasidagi hamkorlik asosida amalga oshirilmoqda.

PIF qiymati trillion dollarga yaqin bo‘lgan aktivlarni boshqaradi va HMMME ulushining 70 foiziga egalik qiladi. Qolgan 30 foiz ulush esa Hyundai kompaniyasiga tegishli.
Ushbu zavod Yaqin Sharqda Hyundai kompaniyasining birinchi ishlab chiqarish obyekti bo‘lib, 2026-yilning to‘rtinchi choragida avtomobil ishlab chiqarishni boshlaydi. Yiliga 50 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan – ular orasida ichki yonuv dvigatelli (ICE) hamda elektromobillar (EV) bo‘ladi.
Bu Saudiya Arabistonining «Vision – 2030» dasturiga muvofiq avtomobil sanoatini rivojlantirishga qaratilgan strategik qadamdir.
Hyundai Motor Group vitse-prezidenti Jexon Chan va PIF vakili Yazid A. Alxumayd ushbu hamkorlikni yangi texnologiyalar, mahalliy bilimlar va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi muhim voqea sifatida e’tirof etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hyundai kompaniyasi Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan batareyalardan foydalanishi haqida yozgandi.