To‘rtta tur kompaniya litsenziyasiz reklama bergani uchun jarimaga tortildi

Buxoro, Farg‘ona, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahrida 4 ta turoperator Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklama qonunchiligini buzgan holatlar aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Buxoro, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan 4 ta turoperator – Nature Travel, «Muslim Fayzi Obod», «Al-Bukhayr Travel Tours», «Naqqosh Tour» tomonidan litsenziyasiz reklama berganlik holati aniqlandi. Natijada qonunchilikni buzganliklari uchun ularga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 11 ta telegram kanal va Emir Voyega MChJ tomonidan berilgan reklamalarda ham qonun buzilishi holatlari aniqlanib, mas’ul shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Ular orasida «Al Qaswa Ihlos», «Umra qumtepa», «Marg‘ilon Umra ziyorati», «Farg‘ona Umra 2022», «Fayz Turizm», «Ziyorotul_Umra», «Sux_Haj Umra ziyorati», «Buxoriy Tour», «Yuksak Travel Farg‘ona Umra» kabi kanallar bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yana ikki firma Umra faoliyati uchun litsenziya olgani haqida yozgandi.