«Dovut-ota» chegara punkti 1-sentabrgacha vaqtincha yopildi

Shu yilning 1-sentabriga qadar Qozog‘istonning «Tajen» va O‘zbekistonning «Dovut-ota» chegara punktlari vaqtincha yopildi. Bu haqda Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi xabar berdi.
Avvalroq, 1-fevraldan boshlab ikki davlat kelishilgan holda «Tajen» chegara punkti orqali jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar va yuk ko‘tarish hajmi 3,5 tonnagacha bo‘lgan transport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatilgandi.
Ushbu cheklov xavfsizlikni ta’minlash hamda chegara punktida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlarini tezlashtirish maqsadida joriy etilgan. Ayni vaqtda ushbu hududda metall konstruksiyalar o‘rnatish, muhandislik tarmoqlarini yotqizish va binolarni kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, may oyidan avgustgacha Qozog‘istonning «KazAvtoJol» milliy kompaniyasi ikkala chegara punktlari o‘rtasidagi neytral hududda avtomobil yo‘lini qurishni amalga oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat chegarasidagi avtomobil o‘tkazish punktlarida elektron navbat tizimi ishga tushirilishi haqida yozgandi.