Xitoyning «Havo dron tashuvchisi» SS-UAV iyun oyida ilk parvozini amalga oshiradi

Shu yilning iyun oyida ilk parvozi rejalashtirilgan Jiutian SS-UAV – Xitoy tomonidan yaratilgan ilk havo kemasi to‘liq yig‘ildi. Bu haqda Dimsumdaily nashri xabar berdi.
Ushbu samolyotning qanotlar yoyilishi 25 metrni tashkil etadi. Jiutian SS-UAV maksimal 16 tonnagacha parvoz og‘irligiga ega bo‘lib, 6 tonnagacha yukni ko‘tara oladi. Uning parvoz masofasi 7 ming km, parvoz davomiyligi esa 12 soatdan ortiq.
Samolyotning eng e’tiborga molik jihatlaridan biri – yuzlab qanotli raketalar yoki miniatyura dronlarni joylashtirish imkonini beruvchi «geterogen hujayrali missiya bo‘limi» hisoblanadi.
Ushbu missiya bo‘limlari modulli tuzilmaga ega bo‘lib, ularni atigi 2 soat ichida jangovar harakatlar, logistik tashish, qutqaruv operatsiyalari kabi har xil maqsadlar uchun moslab qayta jihozlash mumkin.
Harbiy ekspertlar Jiutian SS-UAV’ning PL-12E kabi o‘rta masofali «havo-havo» raketalarini olib yurish qobiliyatini alohida ta’kidlamoqda. Bu esa raqib havo nishonlariga oldindan zarba berish imkonini beradi.
Shuningdek, u ilg‘or radioelektron kurash modullari bilan jihozlangan bo‘lib, dushman radar tizimlarini bostirish va chalg‘itishga xizmat qiladi. Yana bir qo‘shimcha – lazer texnologiyasiga asoslangan infraqizil qarshi choralar tizimi boshqariluvchi raketalardan himoya vazifasini bajaradi.
Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask ushbu samolyot haqida videorolikni o‘z sahifasida e’lon qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AirCar 2 uchar avtomobil taqdim etilgani haqida yozgandi.