
Galaxy Z Flip 7 kompaniya tarixida ilk bor 3 nanometrli Exynos 2500 chipi bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Gadgets360 xabar berdi.
Bu chip avval Galaxy S25 modelida ishlatilishi kerak edi, biroq ishlab chiqarishdagi murakkabliklar sabab kechiktirilgan. Endi esa aynan Flip 7’da debyut qilishi rejalashtirilmoqda.

3.3GHz chastotada ishlaydigan 10 yadroli CPU, Xclipse 950 grafik protsessori va 16MB L3 keshga ega Exynos 2500 chipi — Samsung’ning ikkinchi avlod 3nm texnologiyasida ishlab chiqilgan.
Manbalarga ko‘ra, yangi Flip 7 faqat ayrim bozorlarda, jumladan, Hindiston va Janubiy Koreyada aynan shu chip bilan taqdim etiladi. Shu bilan birga, arzonroq Galaxy Z Flip 7 FE modeli ham chiqishi mumkin, ammo u boshqa chip asosida bo‘ladi.
Bu yangilik Samsung uchun muhim burilish bo‘lishi mumkin: kompaniya o‘zining buklanadigan telefonlarida hozirgacha faqat Qualcomm chiplaridan foydalangan edi. Endi esa Exynos bilan sinov qilinmoqda.

Galaxy Z Flip 7 nafaqat yangi chipi, balki buklama texnologiyasi va dizayndagi yangilanishlar bilan yozgi smartfon bozorida katta shov-shuv keltirishi kutilmoqda. Yangi smartfon taqdimoti joriy yilning iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy Z Fold 7 va Tri-Fold modellari titandan yasalishi mumkinligi haqida yozgandi.