Aprel oyida BYD elektromobil savdosi bo‘yicha Tesla’ni ortda qoldirdi

2025-yilning aprel oyida BYD kompaniyasi Yevropada 7231 dona elektromobil sotgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 169% ko‘p. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Tesla’ning esa elektromobil savdosi 49 foizga kamayib, 7165 dona avtomobilni tashkil qildi. Natijada BYD aprel oyida eng ko‘p sotilgan elektromobil brendlari o‘ntaligiga kirgan bo‘lsa, Tesla 11-o‘ringa tushib qoldi.
«Bu kichik ko‘rinadigan farq aslida juda katta ahamiyatga ega. Chunki Tesla yillar davomida bozorda yetakchi edi», – deydi Jato Dynamics analitigi Felipe Munyos.
Aprel oyidagi eng ko‘p sotilgan elektromobillar ro‘yxatida Volkswagen (23 514 dona), BMW (14 867) va Skoda (13 598) yetakchilik qildi. O‘ntalikda 7 ta Yevropa brendi, 2 ta Janubiy Koreya va 1 ta Xitoy brendi bor.
Bloomberg’ning qayd etishicha, BYD Yevropa bozorida o‘z pozitsiyasini kuchaytirish uchun narxi 23 ming yevrodan kam bo‘lgan Dolphin Surf elektromobilini ham taqdim etmoqchi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD salkam Chevrolet Onix narxidagi arzon elektromobilini taqdim etgani haqida yozgandi.