
Italiya A Seriyasining 2024/25-yilgi mavsumida Antonio Konte boshchiligidagi «Napoli» chempionlikni qoʻlga kiritdi. Neapolliklar musobaqaning soʻnggi turida «Kalyari» ustidan 2:0 hisobida gʻalaba qozonib, asosiy raqibi «Inter»ni bir ochkoga ortda qoldirdi.
Chempionlik taqdirini hal etgan bahsda «Napoli» safida shotlandiyalik yarimhimoyachi Skott MakTominey va belgiyalik hujumchi Romelu Lukaku oʻz gollari bilan jamoaga muhim uch ochko keltirishdi.
Chempionlik uchun kurash olib borgan «Inter» ham «Komо» maydonida 2:0 hisobidagi gʻalaba bilan mavsumni yakunladi. Biroq bu natija Simone Indzagi shogirdlariga yetarli boʻlmadi – ular umumiy hisobda 81 ochko jamgʻarib, 82 ochkoga ega boʻlgan «Napoli» ortidan 2-oʻrinda qolishdi.
Shu tariqa «Napoli» oʻz tarixida toʻrtinchi bor Italiya chempioni (Skudetto sohibi)ga aylandi. Bu klub uchun 2023-yildagi unvondan keyingi navbatdagi yirik yutuq boʻldi. Antonio Kontening kelishi esa jamoaning yangi davrini boshlab berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Inter» qoʻshimcha daqiqalarda «Barselona»ni dogʻda qoldirgani haqida xabar bergan edi.