Tadbirkorlar foydasiga 82 mlrd soʻmlik QQSni noqonuniy qaytargan soliq xodimlariga jinoyat ishi ochildi

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan yirik moliyaviy firibgarlik holati aniqlangani ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, «Barqarorlik reytingi» dasturida koʻrsatkichlar sun’iy oshirilgan va xavf darajalari olib tashlangan. Ushbu oʻzgarishlar moddiy manfaat evaziga 18 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt foydasiga amalga oshirilgan. Natijada Davlat budjetidan 82 milliard soʻm miqdoridagi qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) noqonuniy tarzda qaytarib olingan.
Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (firibgarlik) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Tergov doirasida yogʻoch importi bilan shugʻullanuvchi MCHJ hisobiga 5,5 milliard soʻmlik QQS mablagʻi noqonuniy qaytarilgani aniqlangan. Bu ishda Soliq qoʻmitasining ikki xodimi, korxona direktori, hisobchisi va ikki nafar norasmiy rahbar gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, gumonlanuvchilarga tegishli 16 ta obyektda oʻtkazilgan tintuvlar davomida $79 ming, 161 million soʻm naqd pul, 3 ta LI 9 elektromobil, 2 ta Gentra, 1 ta Nexia-3, 1268 blok Terea elektron sigaret tayoqchasi, 27 ta elektron kalit, shuningdek, muhrlar, kompyuter va telefon apparatlari protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorazm va Qashqadaryoda mansabdor shaxslar pora bilan qoʻlga tushgani haqida xabar bergan edi.