
Samsung Galaxy S25 Edge modeli batareya ishlash muddati bo‘yicha Galaxy S25 Plus’dan ancha ortda qoldi. Bu haqda Overclokers xabar bermoqda.
Ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan texnik testlarda Edge modeli 12 soat 6 daqiqa davomida ishlagan. S25 Plus 14 soat 26 daqiqa, S25 Ultra esa 14 soat 49 daqiqa ishlashga muvaffaq bo‘lgan. Hatto bazaviy S25 modeli ham 13 soat 9 daqiqa natija ko‘rsatgan.
Bunday farqning asosiy sababi – S25 Edge’ning batareyasi atigi 3900 mA/s sig‘imga ega ekani. Taqqoslash uchun, S25 Plus’da bu ko‘rsatkich 4900 mA/s, Ultra’da esa 5000 mA/sni tashkil etadi.

Edge modelining o‘ziga xos jihatlaridan biri – uning ultra-ingichka korpusi bo‘lib, qalinligi atigi 5.8 mm va og‘irligi 163 grammni tashkil etadi. U titanli ramka bilan jihozlangan va ixcham dizaynga ega. Biroq bu qulayliklar qurilmaning umumiy funksionalligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Batareya kichik bo‘lgani tufayli Edge modeli S25 Plus’dan sekinroq quvvatlanadi: to‘liq quvvat olish uchun 64 daqiqa talab qilinadi (Plus’da bu ko‘rsatkich 59 daqiqa). Bundan tashqari, testlar davomida S25 Edge modelida ovoz sifati ham past baholandi – baslar deyarli eshitilmaydi va ovoz balandligi sust.
Shuningdek, yuklama ostida qurilma tezda qizib, trrotlling holatiga tushgan – bu uzoq muddatli ishlashda samaradorlikni pasaytiradi.
Umuman olganda, Galaxy S25 Edge dizayni va yengilligi bilan ajralib tursa-da, avtonomlik, ovoz sifati va barqaror ishlash bo‘yicha raqobatchilaridan ortda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S24 seriyasi uchun xavfsizlik yangilanishi chiqqani haqida yozgan edi.