O‘zbekiston va Pokiston traktor ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi

O‘zbekiston va Pokiston kompaniyalari traktor hamda boshqa qishloq xo‘jaligi texnikasini birgalikda ishlab chiqarishga kelishib oldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
AgroTech Klaster kompaniyasining Lahorga tashrifi chog‘ida birgalikda texnika yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Pokistonlik ishlab chiqaruvchilar o‘z texnikasi va ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekiston delegatsiyasiga namoyish qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston vakillari Pokiston bozorida qishloq xo‘jaligi texnikasini qanday targ‘ib etish yo‘llari bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni tashkil etish va mahsulot narxlarini maqbullashtirish borasida ham kelishib olindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘onada Tulpor traktorlarining ishlab chiqarilishi haqida xabar bergan edi.