Qozog‘istonda noyob sovet ZIS-110B kabrioleti 1 million dollardan qimmatga sotuvga qo‘yildi

26-may 2025 10:12 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Qozog‘istonda noyob sovet ZIS-110B kabrioleti sotuvga qo‘yildi / Foto: Auto.ru

Qozog‘istonda 1951-yilda ishlab chiqarilgan noyob ZIS-110B kabrioleti sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Auto.ru nashri xabar bermoqda.

Bu sovet davrining tantanali marosimlari uchun mo‘ljallangan ochiq kuzovli avtomobil bo‘lib, faqat 270 dona ishlab chiqarilgan. Mazkur avtomobilning narxi taxminan $1,1 mln etib belgilangan.

Foto: Auto.ru

ZIS-110B – Sovet Ittifoqining urushdan keyingi davrda ishlab chiqarilgan birinchi ochiq kuzovli avtomobili bo‘lib, u g‘alaba paradlari, xorijiy mehmonlarni kutib olish marosimlari va yuqori martabali rahbarlarning kortejlari uchun ishlatilgan. Ushbu modelning saqlanib qolgan namunalarining aksariyati muzeylar yoki xususiy kolleksiyalarda joylashgan.

Qozog‘istonda sotuvga qo‘yilgan ZIS-110B avtomobili original qismlari saqlangan holda yuqori darajada restavratsiya qilingan. Fotosuratlarda avtomobil yangi holatda ko‘rinadi. Biroq e’lon tavsifida dvigatel haqida chalkashlik mavjud: aslida 6,0 litrli, 140 ot kuchiga ega sakkiz silindrli dvigatel o‘rniga olti silindrli dvigatel ko‘rsatilgan.

Foto: Auto.ru

ZIS-110B avtomobillari kolleksionerlar orasida katta qiziqish uyg‘otadi. Ushbu modelning narxi holatiga qarab $177 mingdan $885 minggacha bo‘lishi mumkin, ammo Qozog‘istonda taklif etilayotgan nusxa o‘zining noyobligi va restavratsiya darajasi bilan ajralib turadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Rossiyaning Garage54 YouTube kanali ustalari klassik VAZ-2101 «Jiguli» asosida zamonaviy va ixcham shahar avtomobilini yaratgani va amerikalik YouTube-bloger Cleetus McFarland va uning jamoasi Chevrolet Spark avtomobilini kuchli drag-poyga avtomobiliga aylantirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek