
BYD kompaniyasi o‘zining gibrid flagmani – Han L DM-p’ning arzonlashtirilgan versiyasini tayyorlamoqda. Bu haqda Speedme xabar berdi.
Yangi model Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligining bazasida paydo bo‘lgan. Asosiy o‘zgarish qimmatbaho lidar sensorining olib tashlanishi bo‘lib, bu boshlang‘ich narxni sezilarli darajada pasaytirishi mumkin. Amaldagi Han L DM liniyasining narxi 209,8 mingdan 259,8 ming yuangacha ($29,1–36 ming) tashkil etadi.

Tashqi ko‘rinishda yangi model katta farq qilmaydi: tanish Loong Face uslubidagi panjara, Chinese knot effektli yangi orqa chiroqlar va bamperlardagi kumushrang elementlar. O‘lchamlari ham o‘zgarishsiz: uzunligi 5050 mm, g‘ildirak bazasi – 2970 mm. Model 19 dyuymli shinalar bilan jihozlangan.

Salon darajasi yuqori: raqamli asboblar paneli, yirik multimedia ekrani, hashamatli ichki bezak va o‘rindiqlar uchun ventilyatsiya, massaj, isitish, simsiz zaryadlash va panoramali tom kabi opsiyalar mavjud. Ehtimol, issiqlik nasosi bilan ishlovchi iqlim tizimi va orqa o‘rindiqlardagi ekran ham saqlanib qoladi.
Texnik jihatdan avtomobil 1.5T benzin dvigateli va har biri 200 kVtli ikkita elektromotorga asoslangan beshinchi avlod gibrid tizim bilan yangilangan. Umumiy natija 0 dan 100 km/soatgacha tezlashuv 3,9 soniyada. 29,5 kVt/soat sig‘imli batareya CLTC metodikasi bo‘yicha 145 km toza elektr yurishini ta’minlaydi.

Yangi versiya kuchli uzatma va arzon narxning muvaffaqiyatli uyg‘unligi sabab bozorda hitga aylanishi mumkin. BYD ushbu konfiguratsiyani yaqin haftalarda taqdim etishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lada Iskra uchun savdolar iyuldan boshlanishi kutilayotgani haqida yozgandi.