Eron va O‘zbekiston yangi tranzit loyihasini boshlaydi

Tehron shahrida Eron va O‘zbekiston o‘rtasida tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Tehran Times nashri ma’lum qildi.
Mazkur hujjat Eron transport va shaharlashuv vaziri Farzaneh Sodeg, O‘zbekiston transport vaziri Ilxom Maxkamov hamda Eron portlar va dengiz tashkiloti rahbari Said Rasuliy ishtirokida imzolandi.
Memorandumga ko‘ra, O‘zbekiston xususiy sektori uchun Eronning janubidagi Shohid Rajoiy porti hududida maxsus terminal va logistika markazi qurish bo‘yicha investitsiya imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, zarur ruxsatnomalar olish va loyihalarni amalga oshirish jarayonlari soddalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2,5 mln kvadrat metr yangi ombor maydonlariga ehtiyoj borligi haqida yozgan edik.