Sloveniya qurilish sohasida ishchilarni jalb qiladi

Sloveniya, Migratsiya agentligi va «Kolektor Construction» korxonasi hamkorligida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Jami 35 ta vakant lavozim mavjud bo‘lib, unda beton aralashtiruvchi yuk avtomobil haydovchisi, qurilish og‘ir texnikasi operatori (gidravlik ekskavator) va asfalt yotqizish ishchisi sifatida ishlash imkoniyati taqdim etiladi. Oylik ish haqi 200 soat uchun 1000 yevro miqdorida belgilangan.
Nomzodlardan 25-45 yoshdagi erkaklar qabul qilinadi. Ular ingliz tilini muloqot darajasida bilishi, o‘rta maxsus diplomga ega bo‘lishi, shuningdek, O‘zbekistondan chiqishga ta’qiqi bo‘lmasligi kerak. Bundan tashqari, tanlangan sohalarda kamida 5 yillik ish tajribasi va sudlanmaganlik talab etiladi.
Imtiyozlar sifatida viza va ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma xarajatlari to‘liq qoplanadi. Shuningdek, nomzodlarga yillik bonuslar beriladi va har ish kuni uchun 7,5 yevro miqdorida oziq-ovqat xarajatlari qoplab beriladi. Biroq, nomzodlar aviabilet, agentlik xizmat haqi (10 BHM) va turar joy uchun to‘lovlarni o‘z hisobidan amalga oshirishi lozim.
Batafsil ma’lumot va yordam olish uchun Migratsiya agentligining 71 202 33 55 telefon raqamiga murojaat qilish mumkin. Ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha qo‘llab-quvvatlash xizmati faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mongoliyada qurilish sohasida bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilingan edi.