2025/2026-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul boshlandi

eʼlon qilindi
5-iyundan 25-iyunga qadar
2025/2026-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul boshlandi / Foto: Vuzopedia

2025/2026-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari 5-iyundan boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Prezident farmoniga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar My.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi. Ular test sinovida ishtirok etish uchun fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi. Ijodiy yoki kasbiy imtihon talab qilinadigan yo‘nalishlar bo‘yicha esa oliygoh, ta’lim tili va hudud belgilanadi. Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi va test natijalari imtihondan keyingi kun e’lon qilinadi.

Testlar to‘liq yakunlangach, abituriyentlar 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, yo‘nalish, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini belgilaydi. Talabalikka tavsiya etilganlik holati qabulning ikkinchi bosqichi tugaganidan so‘ng bir hafta ichida Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Texnikumga o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar esa oliy ta’limga qabul natijalari chiqqanidan so‘ng 10 kun ichida texnikum, kasb va ta’lim shaklini tanlaydi. Natijalar bir hafta muddatda e’lon qilinadi.

Qabul jarayonida fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida barcha oliy ta’lim muassasalari va vazirlik huzurida «Qabul – 2025» shtablari tashkil etilgan. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 1006 (vazirlik), 1195 (Bilimni baholash agentligi) ishonch telefonlari yoki @EduuzUniversalBot orqali murojaat qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq TDTUda O‘zbekiston – Xitoy transport fakulteti yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek