Ilon Mask AQSh moliya vaziri bilan mushtlashdi – The Washington Post

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask AQSh moliya vaziri Skott Bessent bilan prezident Donald Tramp kabinetidan chiqqanidan keyin janjal qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda The Washington Post ma’lum qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mask va vazir o‘rtasidagi mojaro yangi ichki daromadlar bo‘yicha komissar tayinlanishi sabab yuzaga kelgan. Skott Bessent Maskning davlat xarajatlarini $1 trln qisqartirish va’dasini eslatib, uni firibgar deb atagan.
Javoban Ilon Mask g‘azablanib, vazirning yelkasi bilan urgan. Bessent esa unga yuziga zarba berib, shundan keyin ular o‘rtasida janjal boshlanib ketgan. Boshqa Oq uy xodimlari darhol janjalni to‘xtatib, Maskni kuch bilan binoning chap qanotidan olib chiqishgan.
Sobiq prezident maslahatchisi Stiven Bannonning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea Donald Trampni ranjitgan. Mask darhol jazolanmagan, lekin bu mojaro uning prezident bilan munosabatlarini taranglashtirgan.
Qiziq tomoni shundaki, Maskning yuzidagi shish Tramp bilan birgalikda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ko‘zga tashlangan. O‘sha paytda tadbirkor jarohatini o‘g‘li bilan o‘ynab yurganida olganini aytib hazillashgan.
Eslatib o‘tamiz, Mask AQShda yangi siyosiy partiya tuzmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.