
BYD Seal 06 elektromobili bugun rasman sotuvga chiqarildi. Bu haqda ITHome texnologiyalar nashri xabar bermoqda.
BYD Seal 06 EV birinchi marta joriy yilning aprel oyida 2025-yilgi Shanxay avtosalonida namoyish etilgan. Yangi avtomobilning uzunligi, kengligi va balandligi mos ravishda 4720 mm, 1880 mm va 1495 mm, g‘ildirak bazasi esa 2820 mmni tashkil etadi. Seal 06GT bilan solishtirganda, tana uzunligi oshadi. Ammo har ikkala modelning g‘ildirak bazasi bir xil. Yangi avtomobil to‘rtta rangda mavjud.

Haydovchiga yordamchi tizimlar: BYD Seal 06EV avtomobili ilg‘or «Tianshen Zhiyan» (Osmon ko‘zi) C-darajadagi haydovchiga yordamchi tizim bilan ta’minlangan. U 29 ta sensor – shu jumladan, old tomondagi uch linzali kamera va yon kameralar bilan jihozlangan. Ushbu tizim avtomobilga avtomagistralda yordamchi boshqaruv, ya’ni avtopilot funksiyasi hamda avtomatik to‘xtash (parkovka) imkonini beradi.

Dizayn: Seal 06EV modeli BYD’ning so‘nggi dizayn konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Salonida sport uslubidagi tekis pastki qismga ega rul, raqamli asboblar paneli, «suzuvchi» markaziy multimedia ekrani va rul ustunidagi o‘rnatilgan avtomat uzatmalar dastasi mavjud.

Qulayliklar:
- Avtomobil quyidagi zamonaviy qulayliklar bilan jihozlangan;
- Simsiz telefon quvvatlash funksiyasi;
- Old o‘rindiqlarning elektr sozlanishi va ventilyatsiyasi;
- Old o‘rindiqlarning bir butun sport dizayni;
- Ikki zonali avtomatik konditsioner;
- Onlayn navigatsiya tizimi;
- Orqa yo‘lovchilar uchun markaziy qo‘ltiq tayanchi.

Texnik xususiyatlari:
BYD Seal 06EV elektromobili orqa g‘ildirakdan harakatlantiriladigan bitta elektromotor bilan jihozlangan. Elektromotorning maksimal quvvati – 110 kVt yoki kuchliroq versiyada 160 kVtni tashkil etadi.
Ushbu avtomobil texnologiyalar, xavfsizlik va qulaylikni birlashtirgan zamonaviy elektromobil bo‘lib, shahar va shaharlararo harakatlanish uchun moslashtirilgan. Uning narxi $14,8 mingdan boshlanadi. Bu qiymatdagi pulga O‘zbekistonda Chevrolet Onix xarid qilish mumkin. Uning narxi 161 so‘mni tashkil etadi. (BYD kompaniyasining yangi modeli mahalliy bozorga kirib kelganida bojxona va qo‘shimcha to‘lovlar evaziga qimmatroq bo‘lishi mumkin)
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD g‘ayrioddiy dizayndagi elektromobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.