Yaponiyada 1000 kilometrdan ortiqqa uchuvchi raketalar namoyish etildi

Yaponiya quruqlikdagi harbiy kuchlari ilk bor 1000 kilometrdan ortiq masofadagi nishonlarni urishga qodir yangilangan Type-12 raketa tizimini ommaga namoyish qildi. Bu haqda Yomiuri gazetasi xabar bergan.
Harbiy mashg‘ulotlar Fuji tog‘i etagida o‘tkazilib, unda ikki mingga yaqin harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Ushbu raketalar Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va yangilangan.
Type-12 raketalarini quruqlikda, kemalarda va samolyotlarda qo‘llash mumkin. Mashg‘ulotlar chog‘ida har birida to‘rtta raketani joylashtirish mumkin bo‘lgan g‘ildirakli harakatlanuvchi raketa qurilmasi namoyish qilindi.
Mashg‘ulotlar davomida 50 ga yaqin tank va zirhli texnika, 60 ta artilleriya qurilmasi, 20 dan ortiq samolyot va vertolyot jalb etildi. Umumiy hisobda 77 tonnaga yaqin o‘q-dorilar ishlatilgan.
Type-12 tizimlari 2025-moliya yili yakuniga qadar (2026-yil mart) Yaponiya armiyasiga yetkazib beriladi. Dastlab ular Kyushyuning janubi-g‘arbiy qismida, ya’ni Sharqiy Xitoy dengiziga qaragan hududlarda joylashtiriladi. Shuningdek, Yaponiya hukumati 400 dona AQShning Tomahawk qanotli raketalarini ham xarid qilishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Kosmos-482» kosmik apparati Hind okeaniga qulagani haqida yozgandi.