
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralash bosqichining 10-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Qatar uchrashuvini xitoylik hakamlar boshqaradi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (UFA) xabar berdi.
Bellashuv 10-iyun kuni Toshkentdagi «Milliy» (avvalgi «Bunyodkor») stadionida bo‘lib o‘tadi va soat 18:45 da boshlanadi.
Ushbu bahsni Xitoydan kelgan hakamlar guruhi boshqaradi. Bosh hakam Ma Ning, yordamchilari – Joyu Fei va Jang Cheng. To‘rtinchi hakam sifatida Jin Jingyuan, VAR hakami vazifasini Fu Ming bajaradi.
O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqishni avvalgi turdayoq kafolatlagan. Garchi bu o‘yin turnir jadvaliga ta’sir qilmasa-da, futbolchilarimizdan ishonchli o‘yin va ijobiy natija kutilyapti.
O‘zbekiston va Qatar shu kungacha 16 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ularning 9 tasida O‘zbekiston g‘alaba qozongan, 3 ta o‘yin durang bilan yakunlangan, 4 bahsda esa Qatar ustun kelgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston – Qatar o‘yiniga kirish uch soat oldin boshlanishi haqida yozgandi.