O‘zbekiston Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvdan chuqur xavotirda

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuvi hamda insonlar halok bo‘lishiga olib kelgan Isroilning Eron Islom Respublikasiga nisbatan harbiy amaliyoti yuzasidan chuqur xavotir bildiradi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
«TIV barcha tomonlarni vazminlikka chaqiradi hamda harbiy harakatlarni darhol to‘xtatish va mavjud nizoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish zarurligini ta’kidlaydi.
Keng ko‘lamli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy vaziyatning yanada kuchayishi O‘zbekistonni jiddiy tashvishga solmoqda», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, xabarda O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, mojaroni yumshatishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron havo hududining yopilishi sabab bir nechta xalqaro reyslar bekor qilingani haqida yozgandi.