O‘zbekistonning sug‘orish tizimi uchun 250 million dollar ajratiladi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonda 110 ta sug‘orish nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish uchun $250 mln miqdorida moliyaviy yordam ajratadi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Mazkur bitim Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF – 2025) doirasida imzolangan.
Ushbu kredit mablag‘lari:
- nasos uskunalarini modernizatsiya qilish,
- tegishli infratuzilmani yangilash,
- nasos stansiyalari binolariga quyosh panellarini o‘rnatish uchun yo‘naltiriladi.
Shu orqali O‘zbekiston yiliga 251 ming kVt/soat elektr energiyasini tejaydi va yiliga 117 ming tonna issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradi.
Vazirlikning qayd etishicha, YeTTBning O‘zbekistondagi sarmoya portfeli hozirda 5,6 mlrd yevro (taxminan $6,05 mlrd) qiymatidagi 181 ta loyihani o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri TIIF – 2025 forumida umumiy qiymati $30,5 mlrdlik bitimlar imzolangani haqida xabar bergan edi.