O‘zbekistonda «chiroyli» avtoraqam 1,56 milliard so‘mga sotildi

O‘zbekistonda «10 777 ZZZ» kombinatsiyali «chiroyli» avtoraqam 1,56 milliard so‘mga onlayn auksion orqali sotildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) xabar berdi.
Mazkur raqam uchun savdo 8 kun davom etib, boshlang‘ich bahosi 187,5 million so‘m edi – bu degani, oxirgi taklif boshlang‘ich qiymatdan 8,3 barobar yuqori bo‘ldi.
Xaridor ushbu avtoraqamni rasmiylashtirish uchun 5 ish kuni ichida to‘lovni amalga oshirishi va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazishi lozim.
Bu natija O‘zbekistondagi avvalgi rekordlarni ham ortda qoldirdi. 2023-yilda 01 888 BBB kombinatsiyasidagi raqam 965,25 mln so‘mga (taxminan $75 ming) baholangandi. Yana bir misol: 01 777 RRR raqami 893 mln so‘mga sotilgan.
Tovar-xomashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra:
- 2023-yilda 87 mingdan ortiq avtoraqam 396,1 mlrd so‘mga sotilgan;
- 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich deyarli ikki baravarga oshib, 800 mlrd so‘mga yaqinlashdi, jami 195 mingta raqam kombinatsiyasi sotilgan;
- Xaridorlarning 97 foizi jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Auksion orqali raqam xarid qilganlar bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3,5 baravari, ya’ni hozirda 1,31 million so‘m miqdoridagi qo‘shimcha yig‘imni to‘laydi. Ushbu mablag‘lar:
- 80% – Davlat budjetiga,
- 20% – Ichki ishlar xodimlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va ijtimoiy rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 888 kombinatsiyali avtomobil raqami 722,3 mln so‘mga sotilgani haqida xabar bergan edi.