Turkmaniston Erondan kelgan o‘zbekistonliklarni qabul qildi

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Ashxobodda Eron orqali Turkmanistonga kelgan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlar fuqarolariga yordam ko‘rsatildi.
16-iyun kuni ertalab Turkmanistonga yuzdan ortiq xorijlik fuqarolar yetib kelgan. Ularning barchasi mehmonxonalarga joylashtirilib, oziq-ovqat va zarur vositalar bilan ta’minlandi.
«Gumanitar yordam doirasida Turkmanistonning tegishli davlat organlari xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda», – deyiladi vazirlik bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 13-iyun kuni Isroil armiyasi Erondagi harbiy va yadroviy obyektlarga zarba berdi. Bu hujumlar natijasida Eronning yadro dasturiga aloqador bo‘lgan yuqori martabali harbiylar va olimlar halok bo‘ldi.
Eron javoban zarba qaytardi va Isroildagi Mudofaa vazirligi binosi hamda boshqa obyektlarga hujum qildi. Keyinchalik tomonlar bir necha bor raketa hujumlari bilan almashdi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Isroil tomoni 17 kishini yo‘qotgan, Eron tarafdan halok bo‘lganlar soni esa 224 nafarga yetgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tunda yo‘llangan Eron raketalari oqibatida uch nafar isroillik halok bo‘lgani haqida xabar qilgan edi.