
Angliyaning «Vulverxempton» klubi bosh murabbiyi Vitor Pereyra muallifligidagi yozgi transfer maqsadlari ro‘yxati tarmoqda paydo bo‘ldi. Bu haqda Spartak inform nashri yozmoqda.
Unga ko‘ra, klub bir nechta iqtidorli futbolchilarni nazardan o‘tkazmoqda va ularning orasida O‘zbekiston terma jamoasi va Rossiyaning SSKA klubi vingeri Abbosbek Fayzullayev ham bor.
Yosh hujumkor futbolchi «bo‘rilar» skautlarini qiziqtirgan nomzodlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Ro‘yxatda, shuningdek, «Spartak» hujumchisi Manfred Ugalde, «Dinamo» (Mahachqal’a) yarim himoyachisi Muhammad Javad Husaynnejod va «Zenit»ga tegishli himoyachi Renan ham mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Vulverxempton» hujum chizig‘i va qanotda harakat qiluvchi ijrochilarni yangilashni maqsad qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fayzullayev Rossiya Premyer-ligasining eng qimmat futbolchilari ro‘yxatiga kirgani haqida xabar bergan edi.