Tramp ma’muriyati yana 36 davlat fuqarolariga AQShga kirishni taqiqlamoqchi

AQSh prezidenti Donald Trampning ma’muriyati yana 36 davlat fuqarolariga Qo‘shma Shtatlar hududiga kirishni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Agentlik xorijiy fuqarolarning AQShga kirishini cheklovchi hujjat mazmuni bilan tanishganini bildirgan.
Bundan avval, iyunning boshida prezident 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini cheklovchi qonunga imzo chekkan edi. Bu davlatlar quyidagilar: Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman.
Bundan tashqari, yana yetti davlat fuqarolariga qisman cheklovlar joriy etilgan. Ular: Burundi, Kuba, Laos, Syerra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela.
Endilikda Markaziy Osiyodagi yana bir davlat – Qirg‘iziston fuqarolari ham AQShga kirishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Yangi ro‘yxatda Qirg‘iziston ham bor.
Reuters mazkur davlatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ular: Angola, Antigua va Barbuda, Benin, Butan, Burkina-Faso, Kabo-Verde, Kambodja, Kamerun, Kot-d’Ivuar, Kongo Demokratik Respublikasi, Jibuti, Dominika, Efiopiya, Misr, Gabon, Gambiya, Gana, Qirg‘iziston, Liberiya, Malavi, Mavritaniya, Niger, Nigeriya, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, San-Tome va Prinsipi, Senegal, Janubiy Sudan, Suriya, Tanzaniya, Tonga, Tuvalu, Uganda, Vanuatu, Zambiya va Zimbabve.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davlatlar AQSh hududida migratsiya qonunlarini buzgan o‘z fuqarolarini orqaga olib ketishda yordam bermagan. Endi yuqorida sanab o‘tilgan davlatlarga ushbu talabni bajarish uchun 60 kun muhlat berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda Trampga qarshi norozilik aksiyasi bo‘lishi haqida yozgandi.