Natija bermagan tashkilot: Prezident administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatildi

Prezident topshirig‘i bilan Prezident administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi faoliyati tugatilishiga qaror qilindi.
«Nazorat inspeksiyasiga nima uchun shuncha vakolat berilgan? Vazirlarga yaxshi ko‘rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko‘tarib kelmasdan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha nega taklif kiritmaydi?» – dedi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va natijasizliklar inobatga olinib, Nazorat inspeksiyasi bugunning o‘zida tugatildi.
Ijro intizomini mustahkamlash va aholi muammolari bilan ishlash vazifasi Hisob palatasiga topshiriladi va uning vakolatlari kengaytiriladi. Hisob palatasi qarorlar asosida ajratilgan mablag‘larning faqat sarflanishini emas, balki ular qanday natija bergani va aholi roziligini ham o‘rganadi.
Hisob palatasi raisi har oyda qarorlar ijrosi, samaradorligi, zaif nuqtalar va ishlamayotgan rahbarlar haqida prezidentga tahliliy taklif kiritib boradi.
Shuningdek, palataga bir oy ichida «Xalq nazorati» elektron portalini butun respublikada ishga tushirish topshirildi. Ushbu portal orqali aholi qurilish, obodonlashtirish va infratuzilma muammolarini suratga olib va aniq manzilini ko‘rsatgan holda mobil ilova orqali yuboradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan go‘sht narxi oshib ketmasligi uchun QQSning yarmi keshbek qilib qaytarilishi haqida yozgandi.