Yo‘l qoidabuzarligi uchun jarimalar bir oyda kelmasa bekor qilinishi mumkin

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Endilikda yo‘l chizig‘ini bosganlik radarlarda qayd etilmasligi mumkin
Jarimalar bir oyda kelmasa, bekor qilinishi mumkin. Foto: depositphotos.com

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun foto va video orqali rasmiylashtirilgan jarimalar bir oydan kech yuborilsa, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:

  • qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oy ichida ma’muriy jazo qo‘llanishi shart;
  • agar qaror ustidan shikoyat berilgan bo‘lsa, jazo bir yil ichida qo‘llanishi lozim;
  • shuningdek, yo‘l chizig‘ini bosish kabi ayrim holatlar foto-video moslamalar orqali qayd etilmaydi.

Shuningdek, transport vositasini boshqarish jarayonida xavfsizlik kamarini taqmaslik, texnik ko‘rikdan o‘tkazmaslik yoki tegishli jihozlar bilan ta’minlanmaganlik holatlarida ham javobgarlik belgilangan. Bundan tashqari, boshqarish vaqtida telefondan yoki monitordan foydalanish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, majburiy sug‘urta talablariga rioya qilmaslik kabi holatlar uchun ham choralar ko‘riladi. Bunday qoidabuzarliklar uchun bir yilda bir marta ogohlantirish qo‘llaniladi.

Loyiha hozircha birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qonun qabul qilinsa, fuqarolar jarimalar haqida o‘z vaqtida xabardor bo‘ladi va kech yuborilgan qarorlar bekor qilinishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-sentabrdan radar belgilari majburiy tartibda o‘rnatilishi haqida yozgandi.

Shuningdek