Markaziy bank yangi firibgarlik sxemasi haqida ogohlantirdi

O‘zbekiston Markaziy banki fuqarolarni aldash uchun ishlab chiqilgan yangi ikki bosqichli firibgarlik sxemasi haqida ogohlantirdi. Jinoyatchilar bu maqsadda messenjerlardagi soxta akkauntlar va jinoiy javobgarlik tahdidlaridan foydalanmoqda.
Birinchi bosqichda firibgarlar fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini mobil aloqa operatorlari xodimlari deb tanishtiradi. Ular turli savollar berib, telefon raqamini ishlatish bo‘yicha shartnomani uzaytirishni taklif qilishadi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach jinoyatchilar messenjerlar orqali ushbu fuqarolarga yozib, ularning nomiga soxta kredit olinganini aytishadi. Bu safar ular o‘zlarini O‘zbekiston Markaziy banki vakillari sifatida tanishtiradi.
Firibgarlar suhbatdoshdan bir qancha ko‘rsatmalarni bajarishni talab qiladi va jinoyatchilarga ko‘maklashganlikda ayblab, jinoiy ish bilan tahdid qilishadi. Agar jabrlanuvchi ularning ko‘rsatmalarini bajarsa, jinoyatchilar bank hisoblariga kirib, pullarni o‘g‘irlab ketishadi.
Markaziy bank o‘zbekistonliklarni hushyor bo‘lishga va o‘zini regulyator deb tanishtirgan shubhali xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda kredit axborotlari almashinuvi bo‘yicha yagona elektron tizim ishga tushgani haqida xabar bergan edi.