Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga 209 million dollarlik grant ajratadi

Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga aholining farovonligini oshirish maqsadida 1,5 mlrd yuan (deyarli $209 mln) miqdorida beg‘araz moliyaviy yordam ajratadi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ushbu grant ajratilishi haqida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin «Markaziy Osiyo – Xitoy» sammiti doirasida e’lon qildi. Mablag‘lar aholiga xizmat qiladigan muhim loyihalarga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Si Szinpin Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun Xitoyda talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha tayyorlov kurslariga 3 mingta kvota ajratilishini va’da qildi.
Xalqaro sammit Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘ldi. Unda Xitoy yetakchisi bilan birga Markaziy Osiyo mintaqasining barcha davlat rahbarlari ishtirok etdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish yuzasidan Xitoy bilan muzokaralarni yakunlagani haqida xabar bergan edi.