Qanday qoramollarni boqish foydali

Chorvachilik – bu ming yillik tarixga ega, dehqonchilik bilan bir qatorda xalqimizning asosiy hayot manbalaridan biri bo‘lib kelgan tarmoqdir. Qishloq joylarda deyarli har bir xonadonda sigir yoki ho‘kiz boqiladi. Chunki qoramol nafaqat oziq-ovqat mahsulotlari doimiy daromad keltiruvchi ishonchli manbadir. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida eng foydali qoramollar turlari haqida hikoya qilinadi.
Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz
Qoramol boqish uchun eng ommabop zotlar
Qoramol boqishda nimalarga e’tibor berish kerak
Qoramoldan qanday foyda olish mumkin
Qoramol boqish uchun eng ommabop zotlar

O‘zbekistonda chorvadorlar asosan mahalliy iqlimga moslashgan to‘rtta asosiy qoramol zotini boqib kelmoqda. Bular: qora-ola, qizil cho‘l, shvits va bushuyev zotlaridir.
Qora-ola zot – bu zot aslida Holshteyn-friz naslidan tarqalgan. Tanasi qora va oq rangli bo‘ladi. Qora-ola sigirlar juda yuqori sut berishi bilan mashhur. Hozirgi kunda respublikamizdagi barcha qoramollarning qariyb 41% ini aynan shu zot tashkil etadi. Ushbu zot ko‘p hududlarda boqiladi va sut mahsuldorligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Iqlimga moslashuvchanligi o‘rtacha.
Qizil cho‘l zot – bu zot O‘zbekistonning issiq va quruq hududlari uchun maxsus yaratilgan. Tanasi qo‘ngir-qizg‘ish (qizil) rangda bo‘lib, cho‘l iqlimiga chidamli. Respublikadagi sigirlarning taxminan 30% atrofini qizil cho‘l zotli qoramollar tashkil qiladi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining Chorvachilikda naslchilik ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Boxodir Ne’matovning Kursiv Uzbekistan nashriga qayd etishicha, chorva mollarining naslini yaxshilashning asosiy yo‘nalishi sun’iy urug‘lantirish ishlarini samarali tashkil etishdir.
«O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizga sut yo‘nalishida Golshtin, Flekfi (Simmental), Qizil Eston, Xolmogor, Tagil, Jersey, go‘sht yo‘nalishidagi tez yetiluvchan qoramollarning Aberdin-angus, Sharole, Gereford, Limuzin, Avleko‘l va Monbilyard zotlari ko‘paytirilmoqda», deydi Ne’matov

Shvits zot – Shvits (Brown Swiss) – bu sut-go‘sht yo‘nalishidagi zot. U Yevropadan keltirilgan bo‘lsa-da, bizning sharoitga anchayin moslashgan. Mamlakatimizdagi qoramollarning 16% ini shvits zotli sigirlar tashkil etadi. Shvits sigirlari bir vaqtning o‘zida mo‘l sut berishi va semirtirib go‘sht olish uchun ham yaxshi hisoblanadi. Ular tog‘li va salqinroq hududlarda ham, vodiy va tekisliklarda ham yaxshi o‘sadi.

Bushuyev zot – Bushuyev (Bushuevskaya) – O‘zbekistonda yaratilib ro‘yxatdan o‘tgan yagona mahalliy zot hisoblanadi. Bu zot o‘tgan asrda mahalliy zebulashgan sigirlarni Yevropa sutkor zotlari bilan chatishtirish orqali olingan. Tanasida oq va qora qonqor ranglar bo‘lib, qora quloqlari va tumshug‘i atrofida qora halqalari bor.
Bushuyev sigirlari soni ko‘p emas. Ularning afzalligi shundaki, issiq iqlimga juda chidamli va oddiy yem bilan ham kun kechira oladi. Ushbu zot Mirzacho‘l, Sirdaryo kabi jazirama hududlarda yaxshi moslashadi va mahalliy chorvadorga qimmatli bo‘lgan sifatlarni o‘zida mujassam etgan.
Qoramol boqishda nimalarga e’tibor berish kerak

Qoramol yaxshi o‘sishi va ko‘p mahsulot berishi uchun to‘yimli yem zarur. Sigirlarga yangi o‘t, pichan, silos, somon va ozuqa aralashmalari berilishi kerak. Sutdor sigirlar uchun proteinli yem ayniqsa muhim. Agar yem yetarli bo‘lmasa, sut kamayadi. Suv har doim toza va yetarli miqdorda bo‘lishi shart. Sifatli yem chorvaning sog‘lom va semiz bo‘lishini ta’minlaydi.
Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani, «Ergash ota» fermer xo‘jaligi rahbari Davron Boboqulovning Kursiv’ga ma’lum qilishicha, qoramolning yem va ozuqasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim.
Qoramollarga har kuni g‘amxo‘rlik qilish kerak. Ularni yaylovga chiqarish, tanasini tozalash foydali. Yozda salqin suv bilan yuvish hayvonni yayratadi. Sigirni vaqtida sog‘ish sog‘lig‘iga foydali. Buzoqlarni ona suti bilan boqish zarur. Bu ularning immuniteti uchun muhim.

Qoramol turadigan joy toza, keng va xavfsiz bo‘lishi kerak. Yozda soya, qishda esa issiq qo‘ra tayyorlanadi. Polga somon to‘shaladi. Havo aylanishi yaxshi bo‘lishi shart. Shamollatkich yoki deraza bo‘lsa, havoda zararli hidlar qolmaydi. Toza joy hayvon sog‘lig‘i uchun muhim.
Qoramol salomatligi doimiy nazoratda bo‘lishi kerak. Vaqtida yemlash va dorilash zarur. Kasallik belgilari ko‘rinsa, veterinar chaqirish kerak. Gijjalarga qarshi dorilar berilishi lozim. Profilaktika choralari qoramolni sog‘lom saqlaydi va mahsuldorligini oshiradi.
Qoramoldan qanday foyda olish mumkin

Qoramol boqish – nafaqat qadimiy kasb, balki foydali mahsulotlarning doimiy manbaidir. Sigir yoki ho‘kizdan deyarli barcha narsa foydali. Uning tanasi, suti, go‘ngi va terisigacha ishlatiladi. Bu mahsulotlar uy-ro‘zg‘or uchun ham, bozor uchun ham muhim.
Go‘sht:
Qoramolning asosiy mahsuloti – go‘sht. Mol go‘shti oqsil va temirga boy. U palov, sho‘rva, kabob kabi ko‘plab taomlar tayyorlashda ishlatiladi. Go‘sht nafaqat oila uchun oziq, balki daromad manbai hamdir. Yaxshi boqilgan ho‘kizdan bir necha yuz kilogramm go‘sht chiqadi. Bu esa dehqon uchun katta foyda.
Sut:
Sigir suti – ozuqaviy jihatdan juda foydali. Unda oqsil, kaltsiy, vitaminlar ko‘p. Sutdan qatiq, qaymoq, sariyog‘, pishloq tayyorlanadi. Ko‘p sut beradigan sigirlar xonadon uchun doimiy daromad manbai bo‘ladi. Sutni bozorga yoki zavodga topshirish orqali dehqon pul topadi. Sut mahsulotlari oila sog‘ligi uchun ham juda muhim.
Go‘ng (tabiiy o‘g‘it):
Qoramol go‘ngi yer uchun eng yaxshi o‘g‘it hisoblanadi. Unda azot, fosfor va boshqa foydali moddalar bor. Dehqonlar go‘ngni dalaga solib, hosildorlikni oshiradi. Kimyoviy o‘g‘itlar qimmat bo‘lgani uchun go‘ng arzon va tabiiy alternativ sanaladi.

So‘yilgan molning terisi charm sanoatida ishlatiladi. Teridan oyoq kiyim, sumka, kamар kabi buyumlar tayyorlanadi. Qoramolning suyagi va shoxi ilgari hunarmandchilikda ishlatilgan. Hozir esa yog‘i kosmetika va sovun sanoatida ham qo‘llanadi. Demak, qoramol ko‘plab sohalar uchun xom ashyo beradi.
Qoramol boqish oddiy oila uchun ham doimiy daromad keltiradi. Sut, go‘sht, buzoq va boshqa mahsulotlarni sotish orqali pul topish mumkin. Bundan tashqari, chorvachilik ko‘plab ish o‘rinlarini ham yaratadi. Mol parvarishi, yem tayyorlash, sut-go‘shtni qayta ishlash – barchasi iqtisodiyotga hissa qo‘shadi.
«Bugungi kunda qoramol biznesi avvalgidek ko‘p foyda keltirmayapti, chunki yem narxi juda qimmatlamoqda», deydi Davron Boboqulov.
Yana bir tadbirkor Andijon viloyati Oltinko‘l tumani «Baxt imkon rivoj chorvasi» fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Ismoilovning bizga qayd etishicha, qoramol qishloq xo‘jaligida og‘ir sohaga aylanib bormoqda.
«Tadbirkorlarga subsidiya ajratilishi, qoramollarni boqish uchun yer berilishi sohani rivojlantirish uchun hissa qo‘shadi», qayd etdi Faxriddin Ismoilov.
«Kursiv» bilan suhbatda bo‘lgan bir nechta qoramol boquvchi tadbirkorlarning qayd etishicha, bugungi kunda 45 bosh qoramoli bor tadbirkor yiliga 200 mln so‘m atrofida foyda olishi mumkin. Ammo yem va ozuqa narxining muvozanatsiz o‘zgarishi (qish mavsumida qimmatlashishi) bunga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularning fikricha, qoramollarni asosan fevral-noyabr oylarida ko‘paytirib boqish foydali.

O‘zbekiston qoramolchilik borasida Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. So‘nggi yillarda qoramol soni ham, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ham muntazam oshib bormoqda.
Statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2025-yil boshida mamlakatda jami 14,3 mln yirik shoxli qoramol mavjud bo‘lgan. Bu raqam har yili ko‘payib bormoqda. Qoramollar orasida sigirlar asosiy o‘rinni egallaydi – jami 5,13 mln. Aholiga nisbatan olib qaraganda, har ming kishiga o‘rtacha 380 qoramol to‘g‘ri keladi. Bu juda yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, deyarli har bir xonadonda chorva borligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston har yili o‘rtacha 2,9 mln tonna go‘sht ishlab chiqaradi. Bu miqdor, asosan, ichki bozor ehtiyojlarini qoplaydi. Biroq go‘shtga talab yuqori bo‘lgan yillarda xorijdan ham oz miqdorda go‘sht import qilinadi.
Bu raqamlar O‘zbekistonda qoramolchilik strategik tarmoq ekanini, uni to‘g‘ri rivojlantirish esa oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlik uchun muhimligini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri go‘sht narxining oshishiga qo‘shni davlatlarning eksportga qo‘ygan vaqtinchalik cheklovlari sabab bo‘lgani haqida yozgan edi.