Toshkent va Moskva migratsiya masalalarini birgalikda hal qiladi – Putin

O‘zbekiston va Rossiya migratsiya masalalarini birgalikda hal qiladi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda. Bu haqda Tass axborot agentligi ma’lum qildi.
«Biz Shavkat Miromonovich (Mirziyoyev – tahr. Kursiv Uzbekistan) bilan migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishga kelishib oldik. Chunki mehnat bozori bugungi kunda qanday ahvolda ekani hammaga ma’lum», – dedi Rossiya prezidenti.
Putin, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya yoshlarining o‘zaro aloqalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda Rossiyada 698 ming nafar o‘zbekistonlik ishlagan. 2023-yilda esa bu raqam 1,2 mlnni tashkil etgan. Shu davr mobaynida Rossiyaga ish izlab ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni 29,2 mingdan 123,6 minggacha oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin maslahatchisi SSSR hali-hanuz mavjud, Ukraina urushi esa ichki masala ekanligini aytgan edi.