AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkasini o‘zgarishsiz qoldirdi

AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) federal fondlar bo‘yicha foiz stavkasi maqsadli diapazonini 4,25 – 4,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda FZT rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, so‘nggi ko‘rsatkichlar iqtisodiy faollikning barqaror sur’atda kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ishsizlik darajasi pastligicha qolib, mehnat bozori holati mustahkamligicha saqlanmoqda.
Regulyator uzoq muddatli maqsad sifatida maksimal bandlik va 2 foizlik inflyatsiya darajasini saqlashga intilmoqda. So‘nggi paytlarda iqtisodiy istiqboldagi noaniqliklar kamaygan bo‘lsa-da, ularning mavjudligi hanuz saqlanib qolmoqda.
Federal fondlar stavkasi bo‘yicha keyingi o‘zgarishlarning vaqti va hajmi bozor ko‘rsatkichlariga, iqtisodiy rivojlanish istiqboliga va tavakkalchiliklar muvozanatiga asoslangan holda baholanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Federal zaxira tizimi uchinchi marta asosiy stavkani saqlab qolgani haqida yozgandi.
«Ishsizlik darajasi so‘nggi oylarda past darajada barqarorlashdi, mehnat bozoridagi sharoitlar barqarorligicha qolmoqda. Inflyatsiya biroz yuqoriligicha qolmoqda», – deyiladi bayonotda.
Reuters agentligi bilan suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, bu yil Federal zaxira tizimi asosiy stavkani pasaytirish yo‘lidan borishi mumkin. Barclays esa regulyator iyulgacha stavkani pasaytirmasligini kutmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq FZT ishidan norozilik bildirgan edi. Uning fikricha, departament rahbari Jerom Pauell asosiy stavkani doimiy ravishda oshirib kelgan. Bu esa Amerika rahbarining g‘ashiga teggan.
Tramp ijtimoiy tarmoqda Pauellni «Janob Too Late» deb atab, iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun foiz stavkalarini tezda tushirishni talab qildi. Unga ko‘ra, Pauell o‘z vaqtida harakat qila olmaydi va iqtisodiy sekinlashuv xavfini kuchaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy banki ham asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirgandi.