Eron va AQSh o‘rtasida keskinlik: Internet o‘chirildi, urush tahdidi kuchaydi, muzokaralarga eshik ochildi

eʼlon qilindi
18-iyun kuni kechga yaqin Eron deyarli to‘liq internetdan uzilgan
Tehronning huvillab qolgan bozori / Foto: Majid Asgaripour/REUTERS

NetBlocks ma’lumotlariga ko‘ra, 18-iyun kuni kechga yaqin Eron deyarli to‘liq internetdan uzilgan. Tez orada Tehron bu holat Isroil hujumi bilan bog‘liqligini va shu sababli internet cheklanganini ma’lum qildi.

Dunyo bo‘ylab internet faoliyatini kuzatib boruvchi NetBlocks chorshanba kuni Eron bo‘ylab internet to‘liq deyarli o‘chirilganini xabar qildi.

«Tasdiqlandi: ayni paytda Eron bo‘ylab internet deyarli butunlay o‘chirilgan», – deyiladi NetBlocks xabarida.

Tarmoq ma’lumotlariga ko‘ra, bunga qadar Eronda internet bugungidek darajada uzilmagan.

NetBlocks hisobotida Eronda internet uch foizgacha tushib ketgani aniqlangan. Grafika: NetBlocks

Shundan so‘ng, Eron aloqa vazirligi mamlakatdagi internet Isroilning hujumi bilan bog‘liq tarzda vaqtincha cheklanganini tasdiqladi. Ushbu ma’lumotni mahalliy ISNA axborot agentligi tarqatdi.

Tehron mamlakat ichida xizmat ko‘rsatuvchi platformalarga erkin kirish mumkinligini ma’lum qildi.

CNN telekanali xabariga ko‘ra, Eron hukumati mamlakatda internetdan foydalanishni tez-tez cheklab keladi. 2022-yilda butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida ham hukumat internetni o‘chirib qo‘ygan edi.

Eron tiz cho‘kmaydi: Xomanaiy Trampning taslim bo‘lish haqidagi chaqirig‘iga javob berdi

Oyatulloh Ali Xomanaiy. Foto: Reuters

Eronning oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Eron xalqi hech qachon taslim bo‘lmasligini ma’lum qildi. Bu haqda mahalliy IRNA agentligi xabar berdi.

Bungacha AQSh prezidenti Donald Tramp Tehrondan «to‘liq taslim bo‘lish»ni talab qilgan edi.

Oyatullohning ta’kidlashicha, Eron hech kimning «buyrug‘iga» bo‘ysunmaydi va «boshqalar boshlagan urushga» qarshi turadi.

«Eronni, uning xalqini va tarixini biladigan hech kim unga tahdid tili bilan murojaat qilmaydi. Chunki eron xalqining birlik va birdamligi buzilmaydi. AQSh har qanday harbiy harakat oqibatida tuzatib bo‘lmas yo‘qotishlarga uchrashini yaxshi bilishi kerak», – dedi Ali Xomanaiy.

Oliy rahbar Isroil hujumiga Vashingtonning ham aloqasi bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

Bir kun avval Donald Tramp «sabr kosasi to‘lish arafasida» ekanini bildirgan va Tehrondan «to‘liq taslim bo‘lish»ni talab qilgan edi. Bundan tashqari, G‘arb OAVlarida AQSh Yaqin Sharqdagi mojaro bo‘yicha aralashish yoki aralashmaslik borasida bir-ikki kun ichida qaror qabul qilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan.

Tramp Eronga zarba berish rejasini ma’qulladi, biroq buyruq bermadi

Donald Tramp Eron bo‘yicha eng keskin qarorni qabul qilmoqda / Foto: REUTERS/Ken Cedeno

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hududiga zarba berish rejalari bilan tanishgan, biroq yakuniy qarorni hali qabul qilmagan. Bu haqda CNN telekanali vaziyatdan xabardor manbaga tayanib xabar berdi.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar rahbari hanuzgacha Tehron yadro dasturidan voz kechishiga umid qilmoqda.

«Nima qilish kerakligini bilaman, lekin hali yakuniy qaror chiqarganim yo‘q. Men qarorni amaliyotga o‘tkazishdan bir soniya oldin qabul qilishni yoqtiraman. Chunki hamma narsa o‘zgarib turadi. Ayniqsa, urush davrida vaziyat bir zumda o‘zgarib ketadi. Shu sababli bir holat ikkinchisiga tezda aylanishi mumkin», – degan Tramp CNN muxbirining savoliga javoban.

Oq uyning izoh berishicha, «prezident Trampning o‘zi aytganidek, barcha rejalar hozircha stol ustida turibdi».

Bloomberg nashrining yozishicha, AQSh rasmiylari yaqin kunlarda Eron hududiga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Nashrga ko‘ra, Vashington Tehron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga kirishish uchun zarur infratuzilmani yaratish bilan band.

The New York Times nashriga ko‘ra, Eron AQSh prezidenti Donald Trampning yaqin orada uchrashuv o‘tkazish taklifini qabul qiladi.

Gazetaning yozishicha, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy bunday uchrashuvni Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama etish uchun qabul qilishi mumkin.

Tramp esa dushanba kuni bergan bayonotida, bu muzokaralarda Eronning yadro dasturi asosiy mavzu bo‘lishini istayotganini bildirgan va Eron rasmiylari bilan uchrashuvga AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkoff yoki vitse-prezident JD Vensni yuborishi mumkinligini aytgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron Isroil havo hududi ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek