Magnum O‘zbekistondan ketmoqda

Qozog‘istonning yirik savdo tarmog‘i Magnum Cash&Carry O‘zbekistondan ketmoqda. Bu haqdagi xabarni Kursiv Uzbekistan manbalari tasdiqladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 17 ta do‘kon ochishni rejalashtirgan kompaniyaning hozirda faqat uchta do‘koni faoliyat yuritayotgani haqida yozgandik.
Magnum 2021-yil dekabr oyida Toshkentda ikkita gipermarket ochish orqali O‘zbekiston bozoriga kirgan. 2023-yil avgustida kompaniya O‘zbekistondagi Carrefour tarmog‘ining O‘zbekistondagi do‘konlarini boshqargan Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan biznesini sotib olgan. Bu orqali do‘konlar sonini yettitagacha oshirgan. Kompaniya vakillari 2024-yilda yana 10 ta savdo nuqtasini ochib, tarmoqlar sonini 17 taga yetkazishini e’lon qilgandi.
Biroq 2024-yil boshidan boshlab ushbu kengayish rejalari to‘xtagan. 2024-yil fevral oyida Toshkentdagi Magnum Qoratosh savdo nuqtasi yopildi. 2025-yil may oyida esa yana ikki savdo nuqtasi – Magnum Yunusobod va Magnum Atlas Chilonzor – rasman boshqa manzilga ko‘chirilgani haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, ular aslida yopilgan.
Bundan tashqari, hozirda mavjud savdo nuqtalarida mahsulotlar assortimenti keskin qisqarayotgani kuzatilmoqda, bu holat odatda savdo obyektining yopilishidan oldingi bosqich sifatida baholanadi.
EastFruit tahlilchilarining fikricha, Magnum o‘z vaqtida Carrefour tarmog‘i tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘liq xulosa chiqarmagan. Bu omil ushbu savdo obyektlarini samarali chakana biznes birliklariga aylantirishda muammolar yuzaga kelishiga olib kelgan.