O‘zbekiston Rossiyaning «Bronka Grupp» xoldingi bilan migrantlarga oid bitim imzoladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Sankt-Peterburgdagi «Bronka Grupp» xoldingi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda xolding matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar Rossiyada bo‘lish va ishlash tartib-qoidalarini tushunishda o‘zbek migrantlariga birgalikda yordam berishga kelishib oldi.
Hujjatga «Bronka Grupp» bosh direktori Nikita Murov va O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi rahbari Oybek Odilov imzo chekdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hamkorlik Rossiyada qonuniy yashash va ishlash tartibi bo‘yicha migrantlarni xabardor qilish tizimlarini yaratishni nazarda tutadi. Maqsad – qonunbuzarliklar sonini kamaytirish va legallashtirish jarayonini soddalashtirish.
«Migrantlar ko‘pincha ma’lumot yetishmasligi sababli maslahat olishdan qo‘rqishadi. Biz ularga qanday qilib qonuniy va xavfsiz yo‘l tutishni tushuntirib beramiz», – deydi Nikita Murov.
Avvalroq «Kursiv» nashri Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya va O‘zbekiston migratsiya masalalarini birgalikda hal etishini ma’lum qilgani haqida yozgandi.