SpaceX’ning Starship raketasi sinov vaqtida portlab ketdi

Ilon Maskning Marsga parvoz loyihasi doirasidagi Starship raketasi 18-iyun kuni Texasdagi Starbase poligonida sinov vaqtida portlab ketdi. Bu haqda kompaniya X sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, SpaceX bu holatni «katta nosozlik» deb atadi, lekin barcha xodimlar xavfsiz ekani bildirildi.
«Starbase jamoasi mahalliy rasmiylar bilan hamkorlikda sinov maydonchasi va uning yaqin atrofini xavfsiz holatga keltirish ustida faol ish olib bormoqda. Atrofdagi aholi punktlari uchun hech qanday xavf yo‘q. Aholidan xavfsizlik ishlari yakunlanguncha bu hududga yaqinlashmaslik so‘raladi», – deyiladi xabarda.
Portlash vaqtida raketa o‘zining o‘ninchi test parvoziga tayyorlanayotgan edi. Ilon Maskning aytishicha, hodisaga yuk bo‘limidagi azot bosim idishining ishdan chiqishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 122 metr balandlikdagi Starship raketasi insonlarni Marsga yuborish rejasining asosiy qismi hisoblanadi. Biroq 2025-yilda bu loyiha bir necha bor texnik muammolarga duch kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshini qachon uchirishi ma’lum qilingan edi.