Qashqadaryoda 470 ming odam ish bilan ta’minlanadi

eʼlon qilindi
150 ming kishi kambag‘allikdan chiqariladi
Qashqadaryoda 470 ming odam ish bilan ta’minlanadi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Qashqadaryoda 470 ming odam ish bilan ta’minlanadi, 150 ming kishi kambag‘allikdan chiqariladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etildi.

Kitob tumani, Qarshi va Shahrisabz shaharlari «ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud»ga aylantirilishi rejalashtirilgan.

Shahrisabz tumanidagi Hisorak-G‘elon yo‘li bo‘yida 16 gektar, Qamashida 65 gektar, G‘uzorda 42 gektar yer maydonlarini turizm maskanlariga aylantirish mumkinligi aytildi. Shuningdek, Chiroqchidan o‘tgan 103 gektar sohil bo‘yida dam olish zonalari barpo etish imkoniyati bor.

Ko‘kdala tumanidagi Chiyal bozori yaqinida har yakshanba chiyal yaxnasi tayyorlanadi va sotiladi. Agar bu hududda mehmonxona va avtoturargohlar qurilsa, bozor kunlik ishlay boshlaydi. U oyiga 100 ming kishiga xizmat ko‘rsata oladi.

Shahrisabz shahrida temirchilik bilan shug‘ullanadigan fuqarolar uchun Qorasuv mahallasida 4,5 gektar yerda temirchilik mikro-markazi barpo etiladi. Shunday markazlar Qarshi, Dehqonobod, Kasbi, Kitob, Koson va Chiroqchi tumanlarida ham tashkil qilinadi.

Tashqi migratsiyadagi qashqadaryoliklarni yuqori daromadli ishga yo‘naltirish maqsadida Qarshi davlat universitetida 100 nafar o‘qituvchi nemis, yapon va koreys tillari bo‘yicha malaka oshiradi. 10 ming kishi xorijiy tillarga o‘qitiladi. Chet elda kam daromad olayotgan yurtdoshlarimizni o‘zimizda ish bilan ta’minlash muhim vazifa sifatida belgilandi.

Avvalroq Shahrisabzda fransuzcha uslubdagi agroturizm bog‘i barpo etilgani haqida yozgan edik. Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida ushbu majmuani ko‘zdan kechirdi va uni tog‘li hududlarni o‘zlashtirishdagi namuna sifatida baholadi. 

Shuningdek