Pokiston Trampni Nobel Tinchlik mukofotiga tavsiya qildi

Pokiston hukumati AQSh prezidenti Donald Trampni Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyatdan so‘ng tinchlik o‘rnatishdagi «aniq diplomatik vositachiligi» uchun Nobel Tinchlik mukofotiga tavsiya qildi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
May oyida har ikki davlat o‘rtasida yuz bergan eng keskin to‘qnashuvlardan so‘ng Tramp vositachiligida 8-may kuni sulh e’lon qilingan. Pokiston rasmiylariga ko‘ra, Tramp mojaroni keng ko‘lamli urushga aylanishining oldini olgan.
Islomobod bu vositachilikni olqishlagan bo‘lsa, Nyu-Dehli sulhni ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri erishilgan deya baholagan.
«Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi urushni to‘xtatganim uchun Nobel mukofotini olmayman», – deb yozdi Tramp o‘zining «Truth Social» sahifasida.
Ma’lumot uchun, mukofot har yili Norvegiya Nobel qo‘mitasi tomonidan beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp «Yil odami» mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.