Isroildagi O‘zbekiston fuqarolari hushyorlikka chaqirildi

Isroil Mudofaa kuchlari 22-iyun soat 03:45 dan 23-iyun soat 08:00 gacha bo‘lgan muddatda butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik cheklovlari joriy etilganini e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mamlakatda bo‘lib turgan fuqarolarimizni ogohlantirdi.
Cheklovlarga ko‘ra, ilgari «cheklangan faoliyat» deb belgilangan hududlarda endi faqat «zarur holatlarda faoliyat»ga ruxsat etiladi. Barcha ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari yopiladi. Faqat harbiy va tinch aholi ehtiyojlari uchun muhim bo‘lgan tarmoqlargina istisno tariqasida faoliyat yuritishi mumkin. Ish joylariga borish qat’iyan taqiqlanadi.
Isroilda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik fuqarolardan xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, hushyorlikni oshirish va raketa otishmalari vaqtida boshpanalarni tark etmaslik so‘raladi. Rasmiy axborotlardan doimiy xabardor bo‘lib borish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron yadro dasturini davom ettirishini rasman e’lon qilgan edi.