Mehnat migratsiyasi: 2025-yilda Rossiyaga migratsiya bo‘yicha qonunlar, taqiq va maslahatlar

eʼlon qilindi
O‘zbekistonlik migrantlar Rossiyadagi yangi qoidalarga moslashishiga to‘g‘ri keladi
Rossiya – O‘zbek mehnat muhojirlari uchun asosiy yo‘nalish. Foto: panarab.org

2024-yilda Rossiyada migratsiyaga oid 15 ta yangi qonun va qoidalar qabul qilindi. Mazkur ma’lumotlarni to‘liq anglash qiyin bo‘lishi mumkin. Kursiv Uzbekistan ushbu materialda migrantlar uchun asosiy qoidalar, taqiqlar va yangi tartiblar haqida ma’lumot berdi. Rossiya hamda o‘zbekistonlik ekspertlarning fikrlarini ham jamladi.

Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olish mumkin:

Rossiyaning 2024 va 2025-yillardagi migratsion o‘zgarishlari: nimalarni bilish muhim

Tartib talabi

Markaziy Osiyo bo‘yicha rossiyalik ekspert Stanislav Pritchinning fikricha, Rossiyada migratsiya qonunchiligining kuchaytirilishi vaqtinchalik chora emas. Bu tizimli jarayonning bir qismidir. Bunga 2024-yil mart oyida Krokus Siti Xollda sodir bo‘lgan fojiali voqealar sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, jamiyatda va siyosatchilar orasida migratsiya sohasida tartib va nazoratni kuchaytirishga bo‘lgan talab kuchaydi.

«Tekshiruvlar patent va yashash guvohnomalarini rasmiylashtirishda yuqori darajadagi korrupsiyani ko‘rsatdi – migrantlar va amaldorlar tomonidan qoidabuzarliklar. Endi hokimiyat bu bo‘shliqlarni yopib, qattiq nazorat o‘rnatmoqda», – deydi ekspert.

Qonunsizlik va nazorat

Rossiya IIV migratsiyani nazorat qiladi. Foto: panarab.org

Bar-Ilan universiteti (Isroil) ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Andrey Kazansevning ta’kidlashicha, migrantlarga bosim kuchaymoqda. U politsiyadan ham, millatchilik kayfiyatidagi guruhlardan ham keladi. Vaziyat tobora qattiqlashmoqda. Ekspertning fikricha, muhojirlarga bosim kuchayishi ehtimoli yuqori.

«Asosiy muammo politsiyaning xatti-harakatlari, ko‘pincha ayrim xodimlarning o‘zboshimchaligi holatlari ham uchrab turadi», – deydi Kazansev.

Halol ishlamoq qiyin

Uy-joy kommunal xo‘jaligida ishlaydigan o‘zbekistonlik migrant. Foto: Daniil Karimov

Huquqshunos, migrant.uz sayti muharriri Botirjon Shermuhammadning aytishicha, Rossiyada migrantlarga munosabat keskinlashgan. 2024-yilda nazoratni kuchaytiradigan va chet el fuqarolarining huquqlarini cheklaydigan bir nechta qonunlar qabul qilindi.

Tekshiruvlar ko‘paydi. Amaldorlar va siyosatchilar ko‘pincha migratsiya siyosatini kuchaytirishga chaqiradi. Botirjon Shermuhammadning so‘zlariga ko‘ra, bu migrantlarda beqarorlik va bosim hissini kuchaytiradi. Ayniqsa, qonuniy yo‘l bilan kelganlarga qiyin bo‘lyapti.

«Odamlar shunchaki halol ishlashni xohlashadi, lekin ishonchsizlik va qo‘rquv muhitiga tushib qolishadi», – dedi ekspert.

SIM karta

2025-yil 1-iyuldan boshlab Rossiyada xorijliklar biometriya orqali shaxsini tasdiqlamasa, sim-kartalar o‘chiriladi. Biometriya, bu – maxsus ma’lumotlar bazasida saqlanadigan yuz fotosurati. Agarda u bo‘lmasa qo‘ng‘iroq qilish, xabar yuborish yoki internetdan foydalanish mumkin bo‘lmaydi.

Nima o‘zgardi:

  • SIM-kartani faqat shaxsan va biometriya bilan xarid qilish yoki qayta rasmiylashtirish mumkin;
  • Bir kishiga ko‘pi bilan 10 ta sim karta;
  • Hujjatsiz onlayn yoki naqd pulga xarid qilish taqiqlanadi;
  • Biometriyani alohida topshirish kerak, hatto siz buni migratsiya hujjatlari uchun qilgan bo‘lsangiz ham.

«Bunday tartib minglab odamlarga taalluqli bo‘lib, ayniqsa, Rossiyadan vaqtincha tashqarida bo‘lganlar uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘diradi. 1-iyulgacha ulgurmasangiz, sim-kartani shunchaki bloklab qo‘yishadi va odam aloqasiz qoladi», – deydi Shermuhammad.

Rossiyaga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish

2025-yil 30-iyundan boshlab Rossiyaga kirishdan oldin ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ldi. Kelishdan 72 soat oldin Davlat xizmatining ruID ilovasida ro‘yxatdan o‘tish kerak.

RuID ilovasini oldindan yuklab oling va ma’lumotlaringizni to‘ldiring. Unda kirishni rasmiylashtirish, IIVga yozilish va chegaradan o‘tish uchun QR-kod olish mumkin. Davlat xizmatlari yoki ilovaning o‘zida ro‘yxatdan o‘tish orqali kirish mumkin. Ilovani 2025-yil iyun oyi oxiridan boshlab yuklab olish mumkin bo‘ladi va u o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlaydi.

Stanislav Pritchinning ta’kidlashicha, yangi qoidalar mehnat muhojirlari, ayniqsa rus tilini yaxshi bilmaydiganlar uchun qiyin bo‘lishi mumkin. Ilova bilan ishlash uchun smartfonning asosiy ko‘nikmalari kerak: o‘rnatish, ro‘yxatdan o‘tish va ma’lumotlarni yuklab olish.

Shuningdek, u sim-kartalar bilan ishlash yanada qiyinlashganini aytdi. Ya’ni endi biometriya va turli idoralarga bir necha bor tashrif buyurish kerak.

Botirjon Shermuhammadning aytishicha, mamlakatga kirishdan 72 soat oldin onlayn ro‘yxatdan o‘tish, ariza topshirish va shaxsiy ma’lumotlarni ko‘rsatish kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, «shunchaki chipta sotib olib, Rossiyaga borish endi mumkin emas, endi kirish ishchi viza sifatida rasmiylashtiriladi».

Reyestrda o‘zingizni tekshiring

Moskvadagi Saxarovo migratsiya markazi. Foto: Daniil Karimov

2025-yil fevral oyidan boshlab Rossiyada nazorat ostidagi shaxslar reyestri amal qilmoqda. Bu qonuniy maqomi bilan bog‘liq muammolarga ega bo‘lgan chet elliklarning ochiq ro‘yxati hisoblanadi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 18-iyun holatiga ko‘ra, ro‘yxatda 800 mingdan ortiq kishi bor. Agar siz ro‘yxatga tushgan bo‘lsangiz Rossiya Federatsiyasi Prezidentining farmoni talab qilganidek, qonuniylashtirish uchun hujjatlarni zudlik bilan topshirishingiz kerak.

Muhimi, hech kim shaxsan ogohlantirilmaydi, har kim o‘zini o‘zi tekshirishi kerak.

Buni qanday qilish mumkin:

  • IIV saytiga yoki Davlat xizmati ilovasiga kiring;
  • Tug‘ilgan kun va pasport ma’lumotlarini kiriting. IIV saytida foydalanuvchi uchun yo‘riqnoma mavjud;
  • Reyestr kuniga 4 marta yangilanadi;
  • O‘zingizni sinab ko‘ring – bu sizga vaqt, pul va chegaradagi muammolarni tejashga yordam beradi.

Nazorat qilinadigan shaxslar reyestrida bo‘lsangiz, nima qilish mumkin emas:

— IIV ruxsatisiz boshqa hududga ko‘chib o‘tish;
— Uy yoki mashina sotib olish;
— Biznes ochish yoki YATTga aylanish;
— Bank hisobvaraqlarini ochish (faqat soliqlarga o‘tkazmalar va oyiga 30 ming rublgacha mablag‘ olish mumkin);
— Nikohdan o‘tish;
— Mashinani boshqarish, haydovchilik guvohnomasini topshirish yoki o‘zgartirish;
— Rossiyada noqonuniy bo‘lgan bolalarni maktab yoki bog‘chaga berish;
— Agar sizni chaqirishsa, IIVga kelishingiz shart.

Agar qoidalar e’tiborsiz qoldirilsa, deportatsiya qilinishi va maxsus muassasaga joylashtirilishi mumkin.

Hayot uchun xavfli legallashtirish

Botirjon Shermuhammadning so‘zlariga ko‘ra, nazorat ostidagi shaxslar reyestriga yuz minglab muhojirlar tushgan. Ularning ko‘pchiligi qonuniy ishlasa ham, asosiy huquqlarini yo‘qotadi.

Qonuniylashtirish va ro‘yxatdan chiqish mumkinmi?

«Rasmiy ravishda bunday imkoniyat bor – migrantlar prezident farmoni bilan hujjat topshirishlari mumkin. Ammo amalda hammasi murakkabroq. Migratsiya markazlarida – ulkan navbatlar. Ish yaxshi tashkil etilmagan. Odamlar qabulga ulgurish uchun binolar oldida tunashadi. Navbatda turib charchash va stress tufayli odamlar hushidan ketgan yoki vafot etgan holatlar ham bo‘lgan».

Rus tili maktabga qabul qilishning majburiy sharti

Rossiyada migrantlarning bolalari uchun til testi joriy etildi. Foto: kp.ru

2025-yil 1-apreldan boshlab migrantlarning farzandlari Rossiya maktablariga kirishda rus tili bo‘yicha test topshirishlari shart.

Shuningdek, Davlat dumasida yangi chora-tadbirlar muhokama qilinmoqda:

  • migrantlarning farzandlari uchun bepul ta’limni bekor qilish;
  • rus tilidan imtihon topshirishga urinishlar sonini cheklash.

Bundan tashqari, qonun loyihasi allaqachon ma’qullangan. Maktablar ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan migrantlarning farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga taqdim etadi.

Botirjon Shermuhammadning fikricha, bunday choralar RF Konstitutsiyasiga ziddir. Qonunga ko‘ra, har kim fuqaroligidan qat’i nazar, bepul ta’lim olish huquqiga ega.

Til – asosiy to‘siq

Mutaxassis Stanislav Pritchinning ta’kidlashicha, rus tili muhojirlarning bolalari uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Rossiyada 500 mingdan ortiq shunday bolalar yashaydi va ularning ko‘pchiligi tilni yaxshi bilmasligi sababli o‘qiy olmaydi.

2025-yildan boshlab maktabga kirish uchun rus tilidan test topshirish kerak. Ammo unga atigi oz sonli bolalar tayyor. Ko‘pgina oilalarda faqat ona tilida gapirishadi, shuning uchun bolalar rus tilini kerakli darajada bilishmaydi.

«Ota-onalar Rossiyada yashashga tayyor, bolalar esa yo‘q», – deydi Pritchin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tilni yaxshi bilmaslik O‘zbekistondan kelgan muhojirlarning moslashishi uchun asosiy to‘siqdir. Bu ularning o‘qishi, kasb egallashi va yaxshi ish topishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Migrantlarga faqat cheklov emas, yordam ham zarur

Rossiyada qurilish sohasi hamon migrantlarga muhtoj. Foto: realty.rbc.ru

Huquqshunos Botirjon Shermuhammadning aytishicha, Rossiyada migrantlarga tizimli yordam deyarli yo‘q. Davlat va tashkilotlar bunga yetarlicha e’tibor bermayapti. Rus tili kurslari, moslashuv dasturlari va oddiy hayot yo‘riqnomalari mavjud emas.

Uning ta’kidlashicha, migrantlarga nafaqat til va huquq bilan yordam berish kerak. Raqamli ko‘nikmalarga o‘rgatish ham muhim. Ularsiz hujjatlarni rasmiylashtirish, uy-joy qidirish yoki shifokorga yozilish qiyin.

«Odamlar onlayn xizmatlardan foydalanishni bilmaydi va bu ularni zamonaviy hayotdan tashqarida qoldiradi», – deydi Shermuhammad.

Shuningdek, u ko‘plab muhojirlar muhim xizmatlardan foydalanishni bilmasligini ta’kidladi. Bu Rossiya ilovalariga, masalan, Davlat xizmatlariga ham, o‘zbek ilovalariga ham tegishli. Shuningdek, uy-joy, ish va huquqiy yordam topish bo‘yicha xizmatlarda ham qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Ekspert maslahatlari

Andrey Kazansev:

«Alohida ajralib turmaslik va xotirjam yashash uchun mamlakatning tilini, qoidalarini va urf-odatlarini o‘rganing. Yurtdoshlaringiz va hokimiyatingiz bilan aloqada bo‘lishni unutmang – agar biror narsa noto‘g‘ri ketsa, ular yordam berishadi».

Stanislav Pritchin:

«Rossiyada hozirda ishchilar yetishmayapti, shuning uchun imkoniyatlar ko‘p. Asosiysi, rus tilini yaxshi bilish, kasb-hunar egasi bo‘lish va qonunlarga rioya qilish. Muammolarga duch kelmaslik uchun o‘zgarishlarni kuzatib boring».

Botirjon Shermuhammad:

«Rossiya hayotiga oldindan tayyorlaning: til o‘rganing, moliya bilan shug‘ullaning va bu yerda odamlar qanday yashayotganini bilib oling. Kasb-hunarsiz qiyin bo‘ladi, shuning uchun uni albatta egallang. Faqat vatandoshlaringiz bilan emas, mahalliy aholi bilan ham muloqot qiling. Shunda mamlakatni yaxshiroq tushunasiz va do‘stlar orttirasiz».

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi raqamlarda

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yanvariga kelib 1,35 millionga yaqin o‘zbekistonlik xorijda ishlagan, bu o‘tgan yildagiga nisbatan 34 foizga kam (o‘sha paytda 2 milliondan ortiq edi).

Eng ko‘p muhojirlar hali ham Rossiyada, ammo ularning soni sezilarli darajada kamaydi – 1,2 milliondan 698 ming kishigacha. Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston bo‘lib, u yerda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni yil davomida 196,8 mingdan 322,7 mingga oshgan. Kuchli uchlikni Turkiya yakunlamoqda, ammo u yerda muhojirlar soni kamaygan – 119,8 mingdan 88,7 ming kishiga.

Shuningdek, so‘nggi bir yilda tashkillashtirilgan xizmat safarlari soni qariyb 4 barobarga oshdi. An’anaviy mamlakatlarga yangi yo‘nalishlar qo‘shildi: Xorvatiya, Belgiya, Slovakiya, Serbiya, Chernogoriya va Qatar.

Shuningdek