Buxoroda ichimlik suvi qanchaga oshadi

Buxoro viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha yangi tariflar tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Yangi tariflarga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab ichimlik suvi narxi bir kubometr uchun quyidagicha bo‘ladi:
- aholi uchun – 4480 so‘m (2024-yilda 4000 so‘m etib belgilangandi);
- issiqlik ta’minoti, diniy tashkilotlar va boshqalar uchun – 4480 so‘m;
- budjet tashkilotlari uchun – 9520 so‘m (8500 so‘m);
- ulgurji iste’molchilar uchun – 9520 so‘m (8500 so‘m).
Oqova suvi xizmati uchun:
- aholiga – 4256 so‘m (3800 so‘m);
- issiqlik ta’minoti, diniy tashkilotlar va boshqalar uchun – 4256 so‘m;
- budjet tashkilotlari – 6272 so‘m (5600 so‘m);
- ulgurji iste’molchilarga – 6272 so‘m (5600 so‘m).
Texnik suvi xizmati:
- aholi uchun – 2240 so‘m (2000 so‘m);
- boshqa iste’molchilar uchun – 2240 so‘m (2000 so‘m).
Mazkur tariflar qo‘shilgan qiymat solig‘isiz (QQS) hisoblangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilga kelib Kobuldagi barcha ichimlik suvi manbalari tugashi mumkinligi haqida yozgandi.
Mercy Corps nodavlat tashkiloti hisobotiga ko‘ra, shahar suv quduqlarining yarmidan ko‘pi qurib qolgan, suv olish tabiiy tiklanishdan 44 mln kub metrga oshib ketmoqda. Agar holat davom etsa, 2030-yilga kelib Kobulning barcha ichimlik suvi manbalari tugashi mumkin.
Suvning ifloslanishi ham jiddiy muammo: yer osti suvining 80 foizi chiqindi suv, sho‘rlik va arsenik bilan zaharlangan. Odamlar suv uchun daromadlarining katta qismini sarflamoqda, ko‘pchilik esa suv uchun qarzga botgan.
Shuningdek, iyun oyida Andijon, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ham suv narxi oshdi. Toshkent viloyatida esa narxlar 1-iyuldan oshadi.
Fargʻonada 1-maydan, Samarqandda 1-apreldan suv narxi ko‘tarilgandi.