Eron Isroilga zarba berdi: uch kishi halok bo‘ldi, olti kishi jarohatlangan

Janubiy Isroilning Beer Sheva shahrida yashash binosiga raketa tushib, 3 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Isroil favqulodda xizmatlari 40 yoshli erkak, 30 yoshli ayol va 20 yoshli yigit voqea joyida halok bo‘lganini tasdiqladi. Yana olti kishi yengil va o‘rta darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi. Isroil Mudofaa kuchlari hujum Eron tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp mojaro boshlanganidan so‘ng Eron va Isroil deyarli bir vaqtda unga tinchlik bo‘yicha murojaat qilganini aytib, «bu hozir amalga oshishi kerak edi», deb yozdi. Biroq Eron davlat OAVlari sulh «dushmanga majburan yuklatilgani»ni bildirgan bo‘lsa, Eron Tashqi ishlar vaziri hali rasmiy kelishuv mavjud emasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, agar Isroil soat 04:00 ga qadar hujumlarni to‘xtatsa, Eron ham harbiy javoblarni to‘xtatadi. Yakuniy qaror esa keyinroq qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Isroil va Eron o‘rtasida 12 kunlik sulh e’lon qilgan edi.