
Realme kompaniyasi yangi flagman smartfoni – Reame GT 8 Pro smartfoni uchun 6,85 dyuymli ilg‘or ekran ishlab chiqmoqda. Bu haqda Notebookcheck xabar bermoqda.
Ekran Samsung ishlab chiqqan RealWorld Eco² OLED Plus paneliga asoslanadi. Ushbu panel avval faqat GT 7 Pro modelida qo‘llanilgan edi.
Yangi GT 8 Pro modeli Snapdragon 8 Elite 2 protsessori bilan jihozlanadi. Ekran esa anti-blik (AR) qoplamaga ega bo‘ladi. Bu texnologiya ilgari Samsung Galaxy S25 Ultra modelida qo‘llanilgan.

Ekran OLED texnologiyasiga asoslangan bo‘lib, polarizatorsiz ishlab chiqilgan. Bu ko‘rish sifatini yaxshilaydi, energiya tejamkorligini oshiradi va qurilmani yupqaroq qiladi.
Ammo bu ilg‘or texnologiyalar tufayli smartfonning tannarxi boshqa Android flagmanlariga nisbatan yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Qurilma 2025-yilning uchinchi yoki to‘rtinchi choragida taqdim etilishi kutilmoqda.
Realme – 2018-yilda tashkil etilgan Xitoyning nisbatan yosh, ammo tez rivojlanayotgan texnologik kompaniyasidir. U dastlab Oppo‘ning sub-brendi sifatida ish boshlagan, keyinchalik mustaqil brendga aylangan. Kompaniya, asosan, smartfon ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida global bozorning e’tiborini qozondi.

Realme o‘z mahsulotlarida zamonaviy dizayn, yuqori texnologiyalar va foydalanuvchilar uchun maqbul narxlarni uyg‘unlashtiradi. Uning smartfonlari orasida kirish darajasidagi oddiy modellar ham, kuchli flagman qurilmalar ham mavjud. Ayniqsa, GT seriyasi yuqori samaradorlik, kuchli protsessor va ilg‘or ekran texnologiyalari bilan ajralib turadi.
Bugungi kunda Realme Hindiston, Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo va boshqa ko‘plab hududlarda faol savdo qilmoqda. Kompaniya 5G, sun’iy intellekt va energiyani tejovchi displeylar kabi sohalarda yangi texnologiyalarni joriy etish orqali global miqyosda raqobatbardosh bo‘lib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Realme arzon smartfonini taqdim etgani haqida yozgan edi.