Telegram dasturchi uchun 1 million dollar maosh to‘lamoqchi

eʼlon qilindi
Tanlov 11-iyulgacha davom etadi
Foto: Sora sun’iy intellekti yordamida tayyorlandi

Telegram asoschisi Pavel Durov messenjer jamoasiga yangi yuqori malakali dasturchi qidirilayotganini e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tanlab olingan mutaxassisga yiliga $1 million maosh taklif etiladi. Bu texnologiyalar sohasida eng yirik ish haqlaridan biri hisoblanadi.

Nomzod tanlov asosida saralanadi. Faqatgina Durov tomonidan tayyorlangan maxsus kod yozish sinovidan muvaffaqiyatli o‘tganlar suhbatga chaqiriladi.

Sinov shartlari, texnik topshiriqlar va talablar Telegram tomonidan ochilgan maxsus sahifada batafsil ko‘rsatilgan.

«Menga haqiqiy koding qahramoni kerak. Bu oson ish emas — siz xavfsiz, samarali va tezkor kod yoza olishingiz kerak», — deya izoh berdi Durov.

Tanlov 2025-yil 11-iyulga qadar davom etadi. Murojaat qilmoqchi bo‘lganlar ushbu muddatgacha o‘zlarini sinab ko‘rishlari mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Malayziyada Telegram vaqtincha bloklangani haqida yozgandi.

Bu qaror Malayziya Aloqa va multimedia komissiyasi (MAMK) tomonidan kiritilgan da’vo asosida qabul qilindi. Regulyator vakillarining ta’kidlashicha, ayrim kanallarda joylashtirilgan kontent mamlakatning aloqa va multimedia to‘g‘risidagi qonunlarini buzgan.

Aniqlanishicha, Edisi Siasat va Edisi Khas nomli ikki Telegram kanali MAMK e’tiroziga sabab bo‘lgan. Regulyator bu kanallarda joylashtirilgan materiallar davlat institutlariga nisbatan ishonchni susaytirishi va jamiyatda notinchlikka sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Komissiya, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar o‘z platformalarida joylashtiriladigan kontent uchun mas’ul ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, may oyida Telegram $50 minglik tanlov e’lon qilgandi.

Unda Telegram’ning WhatsApp’dan innovatsiyalar bo‘yicha ustunligini ko‘rsatadigan video yaratish so‘ralgan. Videoda Telegram WhatsApp’dan ancha oldin joriy qilgan asosiy funksiyalar tasvirlanishi kerak.

Ma’lumot uchun, Telegram yaratilganidan beri birinchi marta yilni $540 mln foyda bilan yakunlagandi. 

Shuningdek