Farzandi maktabga bormayotgan migrantlarni Rossiyadan deportatsiya qilish taklif etildi

Rossiya Davlat Dumasi deputati, «Yangi odamlar» partiyasidan saylangan Sardana Avksentyeva farzandlari uzrli sababsiz maktabga qatnamayotgan migrant oilalarini Rossiyadan deportatsiya qilishni taklif etdi. Bu haqda u Ichki ishlar vazirligiga yo‘llagan murojaatida ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada 638 mingdan ortiq migrantlar farzandlari yashaydi, biroq ularning taxminan yarmi maktabga bormaydi. Masalan, Moskvada 80 mingdan ortiq migrant bolalari bor, lekin ularning atigi 25 mingtasi ta’lim olmoqda.
Avksentyeva bu holatni jiddiy muammo deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, ta’limning yo‘qligi migrant bolalarning jamiyatga to‘liq integratsiyalashuviga to‘sqinlik qiladi. Bu esa o‘smirlar orasida jinoyatchilikning ko‘payishi, yopiqlikdagi etnik guruhlarning shakllanishi va kelajakda ish topishda qiyinchiliklar yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlar uchun rus tili imtihoni murakkablashtirilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi.