Ucha oladigan iRonCub3 qutqaruv roboti sinovdan o‘tkazildi

25-iyun 2025 14:21 eʼlon qilindi

(25-iyun 2025 22:02 yangilandi)
Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Ucha oladigan iRonCub3 qutqaruv roboti sinovdan o‘tkazildi. Foto: IIT

iRonCub3 nomli ucha oladigan qutqaruv roboti sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda Italiya texnologiya instituti xabar berdi.

Ushbu loyiha institut tarkibidagi Sun’iy va mexanik intellekt guruhi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Unda avvalgi sun’iy intellekt tadqiqotlari uchun mo‘ljallangan, bolaga o‘xshash ikki oyoqli iCub roboti asos qilib olingan va unga reaktiv dvigatellar yordamida uchish imkoniyati qo‘shilmoqda.

Bundan tashqari, robot qo‘llari insonnikiga o‘xshash bo‘lib, faqat JetCat olov purkagichlari bilan almashtirilgan. Qurilmadan olinadigan maksimal tortish kuchi 1 000 N (taxminan 225 funt-kuch), chiqayotgan gazlar harorati esa 800 daraja (1 472 °F) ga yetadi.

«iRonCub3 – bu loyihaning oldingi versiyalariga nisbatan katta sakrash hisoblanadi. Avvalgi versiyalarda faqat alohida komponentlar, masalan, jetpak dizayni yoki aerodinamikani o‘rganish uchun algoritmlar sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, hozirda bu robot barcha elementlarni birlashtirgan to‘liq funksional va parvozga qodir inson shaklidagi tizimga aylangan», – deydi muhandislar robot haqida.

Tony Stark’dan ilhomlangan ushbu robot yangi ishlab chiqilgan titan orqa umurtqa bilan mustahkamlangan bo‘lib, kuchli kuchlanishlarga bardosh bera oladi. Ilgari ishlatilgan rang-barang prototip kostyumlari o‘rniga issiqlikka chidamli qoplamalar qo‘llangan.

Shuningdek, elektronika yangilangan, jetpakka kuch-moment sensorlari o‘rnatilgan va tizimga joy ochish uchun ayrim qismlar olib tashlangan.

Robot ustida sinovlar

2024-yil avgustida robot aerodinamik modellarni tasdiqlash uchun shamol tunnelida sinovdan o‘tkazilgan. Jetlar bir necha bor muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. Shundan so‘ng jamoa bir nechta qismlardan iborat murakkab tizimlarni boshqarish uchun ilg‘or nazorat modeli va real vaqt rejimida aerodinamik kuchlarni baholovchi sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqqan.

Yuqoridagi videoda ko‘rish mumkinki, 70 kg og‘irlikdagi iRonCub3 prototipi (reaktiv dvigatellar bilan birga) barqaror havoga ko‘tarila oldi va qisqa vaqt ichida bo‘lsa-da, muvozanatda turdi.

Robot tanasining murakkab shakllari va harakatlanuvchi qo‘llari sun’iy intellekt asosidagi parvoz nazorati tizimini murakkablashtiradi. Jamoa vakili Antonello Paolino, ushbu boshqaruv tizimlari simulyatsiya va tajriba ma’lumotlari asosida o‘qitilgan neyron tarmoqlar asosida ishlashini va ular robotning barqaror parvozni ta’minlashiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Robot ichki sensorlar tizimi – inersion o‘lchov moduli, kuch-moment sensorlari va RealSense chuqurlik kamerasi bilan jihozlangan bo‘lib, bu tizimlar og‘ir sharoitlarda ham ishlashga yaroqli. Bu orqali robot harakat vaqtida, masalan, dvigatel ketma-ket yoqilganda yoki tana shakli o‘zgarganda ham barqaror turish va muvozanatni saqlab qolishga qodir bo‘ladi.

Hozircha loyiha Italiya texnologiya instituti hududida kichik tajriba maydonida amalga oshirilyapti. Ammo kelgusida sinovlar uchun katta maydon kerak bo‘ladi.

Foto: Italiya texnologiya instituti

Loyihaning yakuniy maqsadi – favqulodda holatlar yoki tabiiy ofatlar hududiga ucha oladigan, vaziyatni baholab, masofadagi mutaxassislarga muhim ma’lumotlarni yetkazadigan robotlar yaratish. Ular qo‘nib, yurishi, to‘siqlardan o‘tishi, zinapoyalarga chiqishi, eshiklarni ochishi kabi funksiyalarga ega bo‘ladi. Bu esa xavfli hududlarni tekshirishda juda foydali bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent xalqaro aeroportida yong‘in robotlari o‘rnatilgani haqida yozgandi.

Shuningdek