O‘zbekiston banklarni xususiylashtirishni qayta boshlashi kerak – XVJ

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston hukumatiga banklarni xususiylashtirish jarayonini qayta boshlashni tavsiya etdi. Bu haqda XVJning O‘zbekiston moliyaviy sektori bo‘yicha hisobotida bayon etilgan.
Jamg‘arma ilgari amalga oshirilgan aktivlar savdosi asosida yangi xususiylashtirish bosqichini boshlash zarurligini ta’kidladi.
Hisobotda sotuvga qo‘yilayotgan aktivlar sifati bo‘yicha hisobotlarning aniqligini oshirish kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, korporativ boshqaruvni mustahkamlash va bank sohasi bo‘yicha tajribaga ega investorlarni jalb qilish bo‘yicha choralar ko‘rib chiqilishi lozimligi aytildi.
Shuningdek, hisobotda ijtimoiy dasturlar doirasida ajratilayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri va imtiyozli kreditlarning samaradorligi bo‘yicha ochiq ma’lumotlar mavjud emasligi tanqid qilindi. Shu bois, ushbu kreditlar taqsimotida shaffoflikni oshirish uchun ochiq platforma yaratish taklif etildi.
XVJ Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) faoliyatiga ham to‘xtaldi. Mutaxassislarning fikricha, agentlik kapital va sug‘urta bozorlarini tartibga solish borasida kadrlar yetishmovchiligi, sanksiya qo‘llash vositalari va vakolatlarning yetarli emasligi sababli samarali faoliyat yurita olmayapti.
Bundan tashqari, mikromoliyalashtirish tashkilotlarida kredit xavflarini boshqarish tizimlari ham XVJni xavotirga solmoqda. Shu munosabat bilan bank bo‘lmagan moliyaviy muassasalar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazadagi bo‘shliqlarni bartaraf qilish tavsiya etilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri XVJ O‘zbekiston budjet tavakkalchiliklarini monitoring qilishni tavsiya etgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, 2025-yil aprel oyining oxirida inflyatsiya darajasi 10,1 foizni tashkil etdi. Solishtirish uchun, 2024-yil may oyida narxlar 10,6 foizga oshgan edi.
«Xalqaro zaxiralar sezilarli darajada yuqori. 2024-yilda konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 1,7 foiz bandga kamayib, 3,2 foizni tashkil etdi», – deyiladi XVJ bayonotida.