Oliy Majlisda muxolifat vakolatlari kengaymoqda

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida «Parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun» senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va siyosiy partiyalar faoliyatiga oid 5 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Bu o‘zgarishlar siyosiy partiyalar o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni kuchaytirish, so‘z erkinligini mustahkamlash va parlament nazoratini yanada samarali qilishga xizmat qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, o‘zini parlament muxolifati deb e’lon qilgan partiya fraksiyasi qonun loyihasining ikkinchi o‘qishigacha unga muqobil tahrirni taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, bu fraksiya vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nafar qo‘mita raisi va ikki nafar rais o‘rinbosari lavozimlarini egallashi kafolatlanmoqda. Ular har chorakda «Hukumat soati» va parlament so‘rovi doirasida masalalar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Senatorlar qonunning qabul qilinishi siyosiy plyuralizmni rivojlantirish, qonun ijodkorligi va parlament nazoratini kuchaytirishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidlashdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yo‘l qoidabuzarligi uchun jarimalar bir oyda kelmasa bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.