WhatsApp endi sun’iy intellekt yordamida o‘qilmagan xabarlarni umumlashtiradi

WhatsApp foydalanuvchilarga chatlardagi o‘qilmagan xabarlarni sun’iy intellekt yordamida tezda umumlashtirib olish imkonini beruvchi yangi funksiyani ishga tushirdi.
«Xabarlar xulosasi» deb nomlangan ushbu imkoniyat yordamida foydalanuvchilar chatdagi o‘qilmagan xabarlar ustiga bosish orqali ularning qisqacha mazmunini ko‘rishlari mumkin.
Funksiya Meta AI texnologiyasiga asoslangan bo‘lib, xabarlarni maxfiy va tez tarzda umumlashtiradi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu jarayonda Meta, WhatsApp yoki uchinchi tomonlar xabarlarga kira olmaydi. Hatto suhbatdoshlaringiz ham sizning xulosa matningizni ko‘ra olmaydi.
Yangi imkoniyat sukut bo‘yicha o‘chirilgan holatda bo‘ladi. Foydalanuvchi xohishiga ko‘ra uni «Kengaytirilgan chatlar maxfiyligi» sozlamasi orqali faollashtirishi mumkin.
Hozircha funksiya AQShdagi foydalanuvchilar uchun ingliz tilida ishga tushirilgan. WhatsApp 2025-yil oxiriga qadar bu xizmatni boshqa tillar va mintaqalarga ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan WhatsApp’da «Aktual» bo‘limiga yangi funksiyalar qo‘shilishi haqida xabar bergan edi.